O‘zbekiston | 16:12 / 07.04.2021
2543
4 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda bosqinchilik jinoyatini sodir etgan shaxslar qo‘lga olindi

Joriy yil yanvar oyida Qarshi shahrida bosqinchilik qilgan va xonadonlardan biridan katta miqdordagi pul va tilla taqinchoqlarni olib chiqib ketgan bosqinchilar tegishli tartibda gumonlanuvchi sifatida qamoqqa olingan. Bu haqda Qashqadaryo viloyati IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 10 yanvar soat 21:15larda uch nafar noma'lum shaxs yuziga niqob taqqan holda, devor oshib Qarshi tumani, «Ko‘chkak» MFY, Tinchlik ko‘chasida yashovchi M.P.ning uyiga kirgan. So‘ng uyda bo‘lgan M.P. va uning qizi K.F.ga hujum qilib, hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatib, qo‘llarini qayirib yerga yiqitgan. O‘zlariga qarshilik qilgan K.F.ning yuz, ko‘z va bosh sohalariga bir necha marotaba mushtlagan.

Jinoyatchilar M.P. hamda K.F.ning qo‘l va oyoqlarini bog‘lab, og‘zini skotchlagan. Ularni o‘ldirib ketish bilan qo‘rqitib, xona ichidagi seyfni ochtirgan va 3200 AQSh dollari, 5 million so‘m hamda 4 dona turli xildagi tilla taqinchoqni olib hodisa joyidan yashiringan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan 2021 yil 10 yanvar kuni Qarshi tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan bosqinchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 164-moddasi 3-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, viloyat IIB huzuridagi tergov boshqarmasiga yuborilgan.

Jinoyat ishi yuzasidan olib borilgan tezkor surishtiruv va dastlabki tergov harakatlari davomida Qarshi shahar, «Bo‘ston» MFY, Bo‘ston ko‘chasida yashovchi X.A. mazkur jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinib, guvoh tariqasida so‘roq qilingan. U o‘z ko‘rsatmalarida mazkur jinoyatni Qarshi shahar, «Kamandi» MFYda yashovchi E.X. va Qarshi shahar, «Bo‘ston» MFYda yashovchi B.Sh. bilan birgalikda sodir etganini ma'lum qilgan. O‘z navbatida E.X. va B.Sh. guvoh tariqasida so‘roq qilinganda, ular bosqinchilikni tanishi X.A. bilan birga amalga oshirganini bildirgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha fuqarolar E.X, X.A. va B.Sh.dan ashyoviy dalillar tegishli tartibda hujjatlashtirib olinib, jabrlanuvchilar F.K va M.P.ga videotasvir orqali tanib olish uchun ko‘rsatilganda, ular taqinchoqlar orasidan o‘zlariga tegishli bo‘lgan tilla taqinchoqlarni tanib olishgan.

Ta'kidlanishicha, 2021 yil 7 aprel kuni Sh.B va E.X. Jinoyat kodeksining 164-moddasi 3-qismi «v» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinuvchi tariqasida Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlanib, Qarshi tumani IIB VSXga joylashtirilgan. Hozirgi kunda jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid