O‘zbekiston | 07:54 / 07.04.2021
11536
2 daqiqa o‘qiladi

Urganchda «Temurbeklar maktabi» harbiy-akademik litseyi faoliyati tugatiladi

Litsey 37 yillik tarixga ega bo‘lib, 1984 yilda rus tili va jismoniy tarbiya fanlarini chuqurlashtirilgan o‘rgatishga ixtisoslashtirilgan maktab-internat sifatida tashkil etilgan. 2007 yilda 450 o‘rinli Harbiy yuridik yo‘nalishdagi Urganch akademik litseyiga aylantirilgan. 2017 yilda Urganch «Temurbeklar maktabi» harbiy-akademik litseyi deb nomlangan.

Hozirgi kunda litseyda 23 nafar o‘qituvchi-pedagog, 37 nafar ishchi-xizmatchi va 10 nafarga yaqin harbiy xizmatchi, jami 70 nafarga yaqin shaxsiy tarkib ish faoliyatini yuritib kelmoqda.

2016-2020 o‘quv yillarida litseyni 685 o‘quvchi bitirgan, ularning 312 nafari harbiy hamda oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirgan.

Litsey o‘quvchilari 2019-2020 o‘quv yillarida bo‘lib o‘tgan matematika va fizika fanlari bo‘yicha xalqaro olimpiadalarda sovrinli o‘rinlarni egallagan. 

2019 yilda Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy-akademik litseylar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan boks bo‘yicha «Amir Temur avlodlari» musobaqasida litsey jamoasi 1-o‘rinni egallagan.

Prezidentning «O‘smirlarni harbiy - vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va davlat xizmatlari uchun kadrlar zaxirasini tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori 6-bandi talablariga ko‘ra, Mudofaa vazirligi harbiy-yuridik yo‘nalishdagi Urganch akademik litseyi faoliyatini to‘xtatish hamda uning binolari (inshootlari) va unga tutash hududlari 2019/2020 o‘quv yilida o‘qishga kirgan o‘quvchilar amaldagi o‘quv dasturi bo‘yicha o‘qishni yakunlagandan so‘ng, o‘rnatilgan tartibda Xorazm viloyati hokimligiga topshirish belgilangan. 

Qarorga asosan, 2021 yilda litsey o‘quvchilarining ta'lim jarayoni tugaganidan so‘ng, Urganch «Temurbeklar maktabi» harbiy-akademik litseyi faoliyati tugatiladi.

Mavzuga oid