«Beshterak» mahalla fuqarolar yig‘inidagi gulchi Yo‘ldoshevlar oilasi yerdan unumli foydalanish maqsadida yashash uyining tom qismida ham issiqxona tashkil qilganini eshitib qoldik.

Istagan faslda xonadonga tashrif buyuring, hovlida rang-barang gullar ochilib turganiga guvoh bo‘lasiz.

«Gul yetishtirishning ham o‘ziga yarasha mashaqqati bor», - deydi peshvoz chiqqan xonadon farzandi Mardonbek Muxtorov.

Chunki dekabr oyida urug‘ qadash ishlari boshlanadi. Bir-bir yarim oylarda urug‘lar unib chiqadi. Keyingi ish gul nihollarini maxsus idishlarga qadab chiqish bilan davom etadi. Ikkinchi oyga o‘tib esa gullar ochilishni boshlaydi. Bitta gul uzog‘i bilan uch oyda ochilib, sotuvga tayyor bo‘ladi. Gullarni sotish ishlari esa mart oyidan boshlanib, sentyabr oyigacha davom etadi.

Gul parvarishlashning eng qiyin tarafi — gul urug‘larini undirib olishda ekan. Buning uchun bog‘bondan alohida mehr va e'tibor talab etiladi.

«Urug‘lar chiqib katta bo‘lganidan keyin yordamchi sifatida ishchilar olamiz. 10 nafarcha odamni ishlatib gullarni maxsus idishlarga olamiz. Hozirgi kunda to‘rt odam ishlatyapmiz. Qish faslida 10dan ziyodroq odamlar ishlaydi. Ularni uch oy mavsumiy ish bilan ta'minlaymiz», — deydi M.Muxtorov.

Oila o‘z shaxsiy tomorqasidagi 5 sotix yer maydonida gul yetishtirish uchun issiqxona tashkil etgan. Bu yerda 10 turdagi gullar parvarish qilinadi.

Tabiiy mahsulot esa ichki bozorda juda xaridorgir sanaladi. Oilaning yillik sof daromadi 70-80 mln so‘mni tashkil etadi.

Mardonbek gul parvarishlab ham inson katta yutuqlarga erishishi mumkinligini e'tirof etar ekan, «minib yurgan mashinam ham, mana shu uy-joylarni ham menga shu gullar olib berdi, mehnat qilgan odam hech qachon kam bo‘lmas ekan», — deya ta'kidlaydi.

«Shukr, birovdan kam joyimiz yo‘q. O‘zimizga to‘q yashab kelyapmiz. Bilasizmi, mehnat qilgan odam hech qachon kam bo‘lmas ekan. Masalan, ko‘pchilik chetga chiqib ishlab keladi. Odam harakat qilsa shu yerda ham ishlab, yaxshigina daromad topishi mumkin. Boshida biz ham ikki-uch yilgacha qiynalganmiz. Kerak bo‘lsa, ziyon ham ko‘rdik. O‘shanda ham mehnat qilishdan to‘xtamadik. Asta-sekinlik bilan o‘rgandik, gul yetishtirishni yo‘lga qo‘yib oldik», deydi u.