So‘nggi bir necha o‘n yillik davomida xitoylik olimlar, mutaxassislar va diplomatlar Qo‘shma Shtatlarni Xitoyga nisbatan «sovuq urush mentaliteti»da ekanlikda ayblamoqda. To‘g‘ri, sovuq urushdan keyingi davrda Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilari Osiyo-Tinch okeanida Xitoy bilan harbiy sohada strategik raqobat olib borishdi.

Shu paytgacha AQSh Xitoyning ko‘plab suverenitet nizolarini Sharqiy va Janubiy Xitoy dengizida va Tayvan bo‘g‘ozi bo‘ylab kuch ishlatish yo‘li bilan hal qilishdan muvaffaqiyatli to‘xtatdi. AQSh va uning eng yaqin ittifoqchilari qurol sotishni taqiqlagani va ma'lum harbiy texnologiyalarning Xitoyga o‘tkazilishini cheklashga urinib ko‘rgani ham haqiqat.

XX asrning 50—60 yillaridagi AQShning covetlar ittifoqi bilan munosabatlari harbiy sohadagi raqobatdan tashqari to‘laligicha iqtisodiy tomonlarni ham qamrab olgan edi. Bu davrda AQShning strategiyasi sovet ittifoqining boshqa mamlakatlar bilan aloqalarni cheklash orqali iqtisodiyotini nogiron holatga keltirib, chet eldagi diplomatiyasini puchga chiqarishga qaratilgan edi.

Ammo Qo‘shma Shtatlarning Xitoy bilan munosabatlari sovuq urush davridagi SSSR bilan aloqalaridan ancha farq qiladi. 1978 yilda Xitoyni isloh qilish davri boshlanganidan buyon Xitoy xalqining o‘zidan boshqa biror davlat Xitoyning keng iqtisodiy rivojlanishiga yordam berish uchun Qo‘shma Shtatlardan ko‘ra ko‘proq ish qilgani yo‘q. Xitoy eksporti uchun AQShning ochiq bozorlari, Xitoy sanoatiga katta miqdordagi sarmoyalari va Amerika universitetlarida o‘qiyotgan yuz minglab xitoylik talabalar Xitoyning tez sur'atlar bilan o‘sishi va texnologik yangilanishi uchun juda zarur edi. Shuningdek, Xitoydan xalqaro diplomatiyada faolroq rol o‘ynashni yoki AQSh davlat kotibining sobiq muovini Robert Zellik aytganidek, xalqaro sahnada «mas'ul manfaatdor» sifatida ishtirokini kengaytirishni aynan AQSh qo‘llab-quvvatladi.

Ikki davlat munosabatlarining keskinlashuvi Donald Tramp prezidentlikka kelgandan keyin kuchayib ketdi. Bu davrda ko‘pchilik tahlilchilar ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni «Yangi sovuq urush» sifatida ta'kidlay boshladi. Bunga yetarlicha asoslar ham bor edi. Ular dalil sifatida nafaqat Hind-Tinch okeanida tobora kuchayib borayotgan harbiy raqobat, ikki davlat o‘rtasidagi savdo urushi va o‘zaro joriy qilina boshlangan iqtisodiy sanksiyalarni asos qilib ko‘rsatishdi. Shuningdek, AQSh 2017 yil dekabrida Xitoy va Rossiyani dushman sifatida birlashtirgan Milliy xavfsizlik strategiyasini qabul qildi. Pandemiya boshlangan davrgacha o‘zaro munosabatlar esa tobora taranglashib bordi. SOVID-19 ikki tomonlama munosabatlarga deyarli yordam bermadi. Umumiy muammoni hal qilishda hamkorlik qilish o‘rniga, Amerika Qo‘shma Shtatlari va Xitoy pandemiya uchun kim aybdor va qaysi siyosiy tizim bunga javob berishga qodirroq bo‘lgani to‘g‘risida kurash olib borishdi.