Mamlakat mushkul vaziyatga tushib qolishining sababi - koronavirus pandemiyasi tufayli joriy etilgan karantin sharoitida chegaralar yopilgani tufayli Xitoy bilan savdo aloqalari deyarli to‘liq to‘xtab qolgani hamda Pxenyanning yadro dasturi tufayli xalqaro sanksiyalar qo‘llanganidir. Xitoy bilan savdo aylanmasi hajmi 2020 yilda 2019 yildagiga nisbatan 75 foizga pasaygan.
Shimoliy Koreya yetakchisi amaldorlarni «Og‘ir safar»ga tayyor turishga chaqirgan.

«Men Mehnat partiyasining barcha darajadagi tashkilotlari, jumladan, markaziy qo‘mita va partiya bo‘limlari kotiblaridan xalqimiz muammolarini ozgina bo‘lsa ham yengillashtirish uchun yangi, yanada og‘ir safarni boshlashni so‘radim, chunki xalqimiz partiya ortidan onasi ortidan borgandek boradi», degan Kim Chen In.
«Kim Chen In Shimoliy Koreya xalqi to‘qnashishi mumkin bo‘lgan qiyinchiliklar va kulfatlar haqida gapirishi yangilik emas. Ammo u yangi «Og‘ir safar» haqida gapira boshlagani vaziyat chindan ham jiddiy ekanidan dalolatdir», - deydi BBC bilan suhbatda NK News ning Shimoliy Koreya bo‘yicha tahlilchisi Kolin Zvirko.
«Og‘ir safar» atamasi mamlakat hukumati tomonidan 90-yillar boshida ham qo‘llangan, o‘shanda Shimoliy Koreya sovetlar ittifoqi parchalangani tufayli tashqi yordamdan quruq qolgandi. Natijada mamlakatda ocharchilik boshlangan, unga qarshi kurash esa «Og‘ir safar» deya nom olgan.
Human Righs Watch (HRW)ning Shimoliy Koreya bo‘yicha bo‘limi ham vaziyat tashvishli ekanini ma'lum qilgan. Xabarlarga ko‘ra, mamlakatga ancha vaqtdan buyon Xitoydan oziq-ovqat kelmay qo‘ygan. Shimoliy Koreyadagi qishloq aholisining katta qismi uchun asosiy yemish bo‘lgan jo‘xori narxi so‘nggi vaqtlarda tinimsiz o‘smoqda va ayni vaqtga kelib uning bir kilosi narxi bir oylik ish haqidan yuqori.
Xitoy bilan chegaradosh hududlarda yashovchi, shu vaqtgacha kontrabanda orqali tirikchilik qilib kelgan odamlar bir yildan buyon chegara butunlay yopiqligi tufayli ochlikdan o‘la boshlagan. HRW ma'lumotiga ko‘ra, Shimoliy Koreya hukumati kontrabanda uchun jazoni qat'iylashtirgan, bunday jinoyat «aksilsotsialistik» va «dushmanona» harakat deb atalgan.
BMTning Shimoliy Koreyada inson huquqlariga rioya qilinishi holati bo‘yicha maxsus dokladchisi Tomas Odjyea Kintana o‘tgan oyda ocharchilikka olib kelishi mumkin bo‘lgan oziq-ovqat inqirozi yuzaga kelgani to‘g‘risida ogohlantirgandi.
«Ochlikdan o‘lish holatlari haqida xabarlar bor, shuningdek, tilanchilik bilan shug‘ullanuvchi bolalar va keksalar soni oshgan, chunki oila a'zolari ularni boqa olishmayapti», degan u o‘z hisobotida.
















