O‘zbekiston | 13:39 / 10.04.2021
9347
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident maktablari imtihonlariga tayyorlaydigan o‘quv kurslari mavjud emas - agentlik

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi agentlik tizimidagi maktablarga tayyorlaydigan o‘quv kurslari mavjud emasligi, shuningdek, Prezident maktablariga kirish uchun test savol-javoblaridan iborat kitoblar agentlikka tegishli emasligi haqida ma'lum qildi.

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi axborot xizmati rahbari Dilfuza Sobirova AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda ijtimoiy tarmoqlardagi yolg‘on xabarlar va agentlikka ijtimoiy tarmoqlar orqali yuborilgan savollarga javob berdi.

Qayd etilishicha, Prezident maktablarining imtihonlarga tayyorlaydigan o‘quv kurslari mavjud emas. Turli o‘quv kurslari, onlayn darslarning Prezident maktablariga hech qanday aloqasi yo‘q.

«Agentlik tomonidan kirish imtihonlariga tayyorlanish uchun hech qanday kitob ham nashr etilmagan va bu kitoblarning prezident maktablariga daxli yo‘q», dedi agentlik axborot xizmati rahbari Dilfuza Sobirova.

Shuningdek, uning ma'lum qilishicha, Prezident maktabi nomidan o‘qituvchilardan pul talab qilayotgan guruhlar borligi aniqlangan.

«So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar hamda telegram kanallarda prezident maktablari nomidan faoliyat yuritib kelayotgan ko‘plab guruh va sahifalar uchramoqda.

Bundan tashqari, Prezident maktabi repetitsion markazimiz deya, o‘qituvchilarga attestatsiyada qo‘shimcha ball berilishi sharti bilan ma'lum miqdorda pul talab qilayotgan guruh borligi ham aniqlandi.

Prezident maktablari imtihon va testlari haqida turli ma'lumotlar tarqatilmoqda.

Bularning Prezident maktablariga aloqasi yo‘q. Prezident maktablariga qabul bo‘yicha barcha tasdiqlangan ma'lumotlar Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligining Piima.uz veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari orqali berib boriladi», dedi Dilfuza Sobirova.

Mavzuga oid