Farg‘ona viloyatining Quva tumanida 20 yoshli Ahror Anvarov 31 mart kuni tibbiy niqob taqmay ko‘chada yurgani uchun uch nafar ichki ishlar xodimi tomonidan majburan mashinaga o‘tqizilib, mahalla huquq-tartibot maskaniga olib ketilgan. Yigit ko‘p o‘tmay vafot etgani ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Koronavirus pandemiyasi davom etmoqda va fuqarolarning karantin qoidalariga amal qilishi zarurat hisoblanadi. Jamoat joylarida niqob taqib yurish majburiy bo‘lib, unga amal qilmaslik jarimaga tortilishga sabab bo‘ladi.
Biroq Quvadagi holatda fuqaro niqob taqmagani uchun unga kuch ishlatilgani – majburan idoraga olib ketilgani, bu jarayonda uning kiyimi yirtilgani, boz ustiga xodimlarning o‘zlari ham tibbiy niqob taqmagan bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.
Kun.uz muxbiri shu haqdagi savol bilan Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosovga murojaat qildi.
«Bu bo‘yicha sizlar juda yaxshi jurnalistik surishtiruv o‘tkazdinglar. Ichki ishlar xodimi biror qaror qabul qilganidan so‘ng, uning qarori ustidan shikoyat tushsa, albatta xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi.
Ayni vaqtda Quvadagi holat bo‘yicha xodimlarning harakatlariga huquqiy baho berish uchun prokuratura va Ichki ishlar vazirligining O‘z xavfsizlik xizmati tomonidan tekshiruv o‘tkazilmoqda.
Hozirgi paytda ichki ishlar xodimlari tibbiy niqob taqmay, karantin qoidalarini buzayotgan fuqarolarni asosan ogohlantiryapti. Qo‘pol qoidabuzarliklar, bir necha bor qaytarilgan qonunbuzilish holatlari yoki xizmat ko‘rsatish sohasidagi qoidabuzarliklarni esa jarimaga tortmasak bo‘lmaydi, bu o‘z-o‘zidan tushunarli.
Misol sifatida aytsam, kecha [8 aprel] bir sutka davomida 1500 dan ortiq fuqaroga karantin qoidalarini buzganlik uchun jarima qo‘llanilgan, bundan 5 barobar ko‘p fuqaro esa ogohlantirilgan», – dedi Shohrux G‘iyosov.
U Quvadagi holatga to‘xtalar ekan, ichki ishlar xodimi fuqaro bilan muloqotda kasb etikasiga rioya qilishi kerakligi, shu bilan birga zarurat tug‘ilganda fuqaroning shaxsini aniqlash uchun uni idoraga olib borish huquqiga ega ekanini aytdi.
«Ichki ishlar xodimining qonuniy talabini fuqaro bajarmasa, xodim uning muayyan huquqlarini cheklash huquqiga ega, ya'ni uni to‘xtatib, shaxsini aniqlash uchun ichki ishlar organiga olib borishi mumkin.















