O‘zbekiston | 16:16 / 15.04.2021
25531
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqand shahri bosh rejasi va shahar hududini kengaytirish loyihalari taqdimoti o‘tkazildi

So‘nggi yillarda Samarqandda amalga oshirilgan eng yirik bunyodkorlik ishlari ramziga aylangan Qorasuv massivi bugun ham diqqat markazida bo‘ldi. Samarqandga safari doirasida davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev bu maskanga ham tashrif buyurdi.

Umumiy maydoni 60 gektarni egallagan, loyihaviy qiymati dastlabki bosqichda 900 mlrd so‘mdan, ikkinchi bosqichda 2 trln so‘mdan oshuvchi bu shaharcha bugun Samarqandning tashrif qog‘ozlaridan biriga aylangan. 

Ayni paytda 1,07 trln so‘mlik ishlar bajarib bo‘lingan va 3890 ta kvartirali 52ta ko‘p qavatli turar-joylar foydalanishga topshirilgan. Ular 35ta 16 qavatli, 4ta 15 qavatli, 9ta 14 qavatli va 4ta 12 qavatli uylardan iborat. 

Massivda 1600 o‘rinli maktab, 120 o‘rinli maktabgacha ta'lim tashkiloti, mahalla fuqarolar yig‘ini binosi, bolalar o‘yingohlari, sport maydonchalari, savdo shoxobchalari ishlab turibdi.

Birinchi bosqich qurilish ishlari 2020 yil dekabr oyida yakunlangan bo‘lsa, massiv kun sayin kengayishda davom etyapti.

Qurilish ishlariga 3000 nafardan ziyod mutaxassislar va ishchilar hamda 200ga yaqin texnika jalb qilingan. 704ta xonadonli 6ta uy qurilmoqda va 5700ta xonadonli 60ga yaqin turli qavatli turar-joy binolari qurilishi rejalashtirilgan.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, davlat rahbari o‘tkazilgan taqdimot chog‘ida massivdagi qurilish ishlari bilan birga umuman Samarqandda rejalashtirilayotgan yirik loyihalar bilan ham tanishdi.

«Unumdor yerlarni imkon qadar asrashimiz kerak. Mana hozir Andijonda yana bir yirik rejamiz bor, adirliklarni o‘zlashtirib, 440 ming aholi uchun massivlar qurilishini rejalashtiryapmiz. Andijon shahri aholisining o‘zi 400 ming atrofida. Mana shu raqam loyiha ko‘lamini ko‘rsatadi.

Qorasuv massivi namuna bo‘lishi kerak. Bunday qurilishlar industriyaga aylanishi lozim. Hali bunday massiv Toshkentda ham yo‘q. Nafaqat Samarqandda, balki boshqa viloyatlarda ham bunday loyihalarni amalga oshirishimiz kerak», – dedi davlat rahbari.

Chet el tajribasi asosida servis turlarini kengaytirish, ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi korxona hamda yong‘in xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha maxsus punkt tashkil etish yuzasidan tavsiyalar berildi.

 Shu yerda Samarqand shahri Bosh rejasi va shahar hududini kengaytirish loyihalari taqdimoti o‘tkazildi.

 

Mavzuga oid