O‘zbekiston | 08:18 / 16.04.2021
1031
2 daqiqa o‘qiladi

«Navoiyazot» AJ tabiatga yetkazilgan zarar uchun 72 mln so‘m kompensatsiya to‘ladi

Navoiy viloyat Ekologiya boshqarmasining Atrof-muhit ifloslanishini monitoring qilish bo‘limi «Navoiyazot» AJ suv tozalash inshootida o‘rganish ishlarini olib bordi. 

Boshqarma matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, suv tozalash inshootining biologik parlanish havzasiga borayotgan tashuvchi liniyasi yorilgan. Natijada cho‘kma to‘g‘ridan-to‘g‘ri Karmana tumanidagi «Xurshid» fermer xo‘jaligining hududidan oqib o‘tuvchi kollektorga oqib tushgan. Kollektorning ifloslanishi jarayonida hosil bo‘lgan oqova suvlardan namunalar olingan. 

«Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida»gi qonun talablari buzilganligi hamda tabiatga yetkazilgan zarar uchun «Navoiyazot» AJdan 72 mln 30 ming so‘m miqdorida kompensatsiya to‘lovi undirilgan.

Shuningdek, boshqarma tomonidan «Elektrokimyo» QK AJ tasarrufidagi «Elkimyo suv ta'minoti» MChJga qarashli 4-maydonda oqova suvlarni haydash nasosi ishdan chiqqanligi sababli quyqa to‘plagich suv quvuriga yo‘naltirilmay, to‘g‘ridan-to‘g‘ri joy relefiga oqizilganligi aniqlangan. Oqibatda oqova suvlar eni 4-5 metr, uzunligi 1 km bo‘lgan yerni ifloslantirgan.  

Ushbu holat bo‘yicha hozirda tabiatga yetkazilgan zararni undirish va ma'muriy chora ko‘rish ishlari olib borilmoqda.

Avvalroq «Navoiyazot» aksionerlik jamiyatining azot kislotasi ishlab chiqarish sexida atmosfera havosini ifloslantirish manbalaridan namuna oladigan va tahlil qiladigan avtomatik stansiya o‘rnatilgandi.

Mavzuga oid