Jahon | 23:44 / 19.04.2021
7628
2 daqiqa o‘qiladi

Chexiya hukumati «Rosatom»ni AES qurilishi bo‘yicha tenderdan chiqarib yuboradi

Chexiya sanoat va savdo vaziri Karel Gavlichekning so‘zlariga ko‘ra, «Rosatom» hatto subpudratchi sifatida ham tenderda qatnasha olmaydi.

Foto: Martin Divisek / Bloomberg

Rossiyaning «Rosatom» davlat korporatsiyasi Chexiyadagi Dukovani atom elektr stansiyasining yangi energiya bloki qurilishi bo‘yicha tenderda qatnashuvchilar ro‘yxatidan chiqarib tashlanadi. 

Bu haqda Chexiya sanoat va savdo vaziri Karel Gavlichek ma'lum qildi, deb xabar berdi RBK.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, bu yaqin vaqt ichida yuz beradi. U shuningdek, «Rosatom» tenderda hatto subpudratchi sifatida ham qatnasha olmasligini aytdi.

«Bu mutlaqo imkonsiz», – dedi u.

Bungacha Chexiya bosh vaziri Andrey Babish ham Rossiya kompaniyasining AES loyihasida ishtirok etishiga qarshi chiqqandi.

«Rosatom» bosh direktori Aleksey Lixachyov kompaniya tenderda qatnashishni rejalashtirgani haqida 2019 yil iyulda ma'lum qilgandi. Endilikda tenderda qatnashish uchun uchta nomzod: Fransiyaning EDF, Amerikaning Westinghouse va Janubiy Koreyaning KHNP kompaniyalari qoldi.

Eslatib o‘tamiz, 17 aprelda rasmiy Praga Rossiya maxsus xizmatlarini 2014 yilda Chexiyada o‘q-dori omborxonasidagi portlashga aloqadorlikda gumon qilib, rossiyalik 18 nafar diplomatni mamlakatdan chiqarib yuborishga qaror qildi. Praganing fikricha, ushbu shaxslar Rossiya maxsus xizmatlarining diplomatik niqob ostida ishlovchi xodimlari hisoblanadi.

Rossiya bunga javoban Chexiyaning 20 nafar diplomatini «persona non grata» deb e'lon qildi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid