Ushbu ish doirasida Moskvada belarus muxolifatchilarining ikki nafari: politolog Aleksandr Feduta va advokat Yuras Zenkovich (FSB xabarnomalarida u Yuriy deb ham atalgan) qo‘lga olingan. Maxsus amaliyot Lukashenkoning Rossiya prezidenti Vladimir Putinga murojaatidan keyin amalga oshirilgan.

Rossiya FSB va Belarus KGB ishtirokida qo‘shma amaliyot o‘tkazilgani haqida 17 aprel kuni FSB jamoatchilik bilan aloqalar markazi xabar qildi. Parallel ravishda Lukashenko uning va o‘g‘illarining hayotiga suiqasd tayyorlangani, mamlakatda esa harbiy davlat to‘ntarishini amalga oshirish rejalashtirilgani haqida ma'lum qildi.

Kuch ishlatar tuzilmalar isyon tashkilotchiligida gumon qilib Rossiyada Belarusning ikki fuqarosini - politolog Feduta va AQSh fuqaroligiga ham ega bo‘lgan advokat Zenkovichni qo‘lga olgan.

Lukashenko Putinga yordam so‘rab murojaat qilganidan so‘ng bu shaxslar qo‘lga olinganini aytib o‘tgan.

Federal xavfsizlik xizmati ma'lumotiga ko‘ra, davlat to‘ntarishini Belarus va Rossiyada G‘alaba kuni nishonlanadigan sanada - 9 mayda amalga oshirish rejalashtirilgandi.

Isyonchilar go‘yoki mamlakat rahbariyatini yo‘q qilib, telemarkazni qo‘lga olmoqchi bo‘lgan. Lukashenko mazkur fitnaga AQShning aloqasi borligini aytdi

Lukashenko shanba kuni jurnalistlarga davlat to‘ntarishiga urinish haqida gapirdi. Bu uchrashuvdagi kadrlar «Pul pervoy» telegram-kanalida e'lon qilindi. Avvaliga Lukashenko ko‘chat o‘tqazayotgani tasvirlangan videoyozuv, keyin uning davlat to‘ntarishiga urinish haqidagi so‘zlari keladi.

Belarus prezidenti fitnachilar go‘yoki uning o‘g‘illarini o‘g‘irlamoqchi bo‘lgani haqida aytadi. «Rejaga ko‘ra, bir bolani, o‘xshasa, ikkinchisini qo‘lga olish bo‘lgan. Yerto‘laga joylashtirmoqchi bo‘lishgan. Darvoqe, Gomel oblastida yerto‘la tayyorlashibdi. Biz guruhni qo‘lga oldik, ular buning barchasi qanday rejalashtirilganini ko‘rsatib berishdi», - deydi Lukashenko.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur harakatlarga tayyorgarlik ortida AQSh maxsus xizmatlari turgan.

«Bu ishga xorijdagi maxsus kuchlar – katta ehtimol bilan, Markaziy razvedka idorasi, Federal qidiruv byurosi va AQShning yana boshqa xizmatlari aralashgan deb o‘ylayapman. Amerikaliklardan aynan kim ishlaganini bilmadim. Biz ular Minskka kelib, prezident va uning bolalariga qarshi suiqasd uyushtirish bilan shug‘ullanish niyatida bo‘lganini aniqladik», degan Lukashenko.