Turinning «Yuventus» klubi Yevropa Superligasi loyihasidan chiqish jarayoni boshlanganini rasman e’lon qildi. Endi Chempionlar Ligasiga muqobil turnir sifatida ishlab chiqilgan loyiha ro‘yxatida atigi ikkita ishtirokchi qoldi va ro‘yobga chiqishi uchun minimal imkoniyatlarga ega. Forbes.Sport futbol jamoatchiligini ikkiga bo‘lgan turnir taqdiri haqida ma’lumot jamladi.
«Yuventus»ga UYeFA bosim qildi
13 iyul kuni «Yuventus» Yevropa Superligasidan chiqish jarayoni boshlanganini rasman e’lon qildi. Qaror loyihaning qolgan ishtirokchilari tomonidan tasdiqlanganidan keyin kuchga kiradi. Bunday jamoalar faqat ikkita: «Real» va «Barselona». Turinliklar UYeFA tomonidan bosim tufayli bu qadamni qo‘yishga majbur bo‘ldi. AS xabariga ko‘ra, Italiya klubiga agar ishtirokchilar orasida qolsa, uch yilga yevrokuboklardan chetlatish bilan tahdid qilingan.
Hozirgi vaziyatda «Yuventus»da harakat erkinligi imkoniyati bo‘lmasa kerak. Mavsum davomida klub koronavirus pandemiyasi davridagi moliyaviy firibgarlik uchun jazolandi va chempionatda 10 ochkodan mahrum etildi. Natijada jamoa turnirni yettinchi o‘rinda yakunladi va nufuzi jihatidan uchinchi o‘rinda turadigan Konferensiya Ligasiga yo‘l oldi. Ammo «Keksa sinora» unda ham ishtirok etmasligi ehtimoli bor.
Mahalliy matbuotning yozishicha, klub UYeFA bilan kelishuvga erishishi mumkin. Yevropa assotsiatsiyasi keyingi yevrokubok mavsumini o‘tkazib yuborish evaziga «Yuventus»ga qo‘shimcha sanksiyalar kiritmaydi. Balki Superligani tark etish ham tashkilot bilan yaxshi munosabatda bo‘lishning yana bir shartidir.
Klubning avvalgi rahbariyatida turinliklar bunday qadam tashlashga jur’at eta olmagan bo‘lardi. Moliyaviy firibgarlik ishi sudga o‘tganidan so‘ng, «Yuventus» rahbariyati deyarli to‘liq tarkibda iste’foga chiqdi. Direktorlar kengashi tarqatib yuborildi, prezident Andrea Anelli va vitse-prezident Pavel Nedved o‘z lavozimini tark etdi.
Anelli UYeFA rahbari Aleksandr Cheferin bilan yaqin munosabatda bo‘lgan va Yevropa klublari assotsiatsiyasini boshqargan. Ammo Superliga tashkil etilgani e’lon qilinganidan keyin hammasi o‘zgardi: italiyalik assotsiatsiyadagi o‘z lavozimini tark etdi va Cheferin uning xatti-harakatlarini xiyonat deb bildi. «Men hech qachon shunchalik ko‘p yolg‘on gapiradigan odamni uchratmaganman», dedi Aleksandr sobiq do‘stining xatti-harakatlari haqida.
















