Abdulla Avloniy nomidagi xalq ta'limi muammolarini o‘rganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot instituti rektori Ayubxon Radjiyev Kun.uz bilan suhbatda shu haqda ma'lumot berdi.

«Xalqaro tadqiqotlar ta'lim sifatini shaffof ko‘rsatib beradi»

— O‘zbekiston tarixda ilk bor ta'lim bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etish qarorini qabul qildi. Bunday xalqaro tadqiqotlar mamlakatimizdagi ta'lim sifati qay holatda ekanini shaffof va asosli ravishda ko‘rsatib beradi. Chunki bu tadqiqotlarning ustida ishlaydigan olimlar butun dunyodan tanlab olingan, o‘z sohasi ustalari. Baholash mezonlari xalqaro testologiya standartlariga asoslanadi.

PIRLS tadqiqoti natijasida boshlang‘ich sinf o‘quvchisining bilimini, o‘qigan matnini qay darajada tushunishi, shundan kelib chiqib fikrlay olishi tahlil qilinadi.

PISA tadqiqoti esa 15 yoshli o‘quvchilardagi bilim sifatini aniqlab beradi. Bizda bu asosan 9-sinf o‘quvchilari. Ular maktab davrida olgan bilimini hayotida qanchalik qo‘llay olishi o‘rganiladi.

TIMSS esa 4-8 sinf o‘quvchilaridagi matematik savodxonlik darajasini tekshirib beradi.

TALIS dasturida esa ta'limga aloqador barcha shaxs va jarayonlar tahlil qilinadi: o‘quvchi, o‘qituvchi, direktor, ota-onalar munosabatlarining yo‘lga qo‘yilishi o‘rganiladi. Tahlillar yuzdan ortiq savollarga berilgan javoblarga asoslanadi.

Bunda avvalo o‘qituvchilar jamoasi ichidagi hamda ularning direktor bilan munosabatlaridagi muhit o‘rganiladi. Keyingisi, o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi munosabat. Uchinchi yo‘nalish – maktab va ota-ona o‘rtasidagi aloqa qanday yo‘lga qo‘yilgani. To‘rtinchisi, maktab direktori va o‘qituvchilar o‘z ustida qay darajada ishlayotganini aniqlashga qaratilgan.

Yuqorida sanalgan tadqiqotlar natijasi jamlansa, respublikamizdagi 11 yillik umumiy o‘rta ta'lim tizimi sifatiga umumiy bahoni bera olamiz.

O‘quvchilar bilim darajasi, o‘rgangan bilimini hayotga tatbiq eta olishi, o‘qituvchining ish samaradorligi, maktabdagi boshqaruv qay holatda ekani, ota-onalarning maktabdagi muhitdan qanchalik xabardorligi haqida ma'lumotlar o‘z-o‘zidan shaffof va neytral tarzda kelib chiqadi.