Jamiyat | 17:12 / 23.04.2021
5606
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda 16 yoshli qiz 40 yoshli erkakni 1500 dollarga chuv tushirmoqchi bo‘ldi

Samarqand shahrida 16 yoshli qiz 40 yoshli erkakdan tovlamachilik yo‘li bilan 1500 dollar olayotganda ushlangan. Bu haqda Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 19 aprel kuni viloyat IIB boshlig‘i nomiga 40 yoshli U.Temur ariza bilan murojaat qilgan. Unda, tanishi 16 yoshli M.A. u bilan «gaplashib yurganini» oila a'zolariga aytib, sharmanda qilish bilan qo‘rqitib, 1 500 AQSh dollari talab qilayotgani haqida ma'lum qilgan.

Qayd etilishicha, shu kuni soat 21:30da M.A. 1 500 dollarni tovlamachilik yo‘li bilan U.Temurdan olayotgan vaqtida tezkor xodimlar tomonidan ushlangan. Tadbir davomida, M.A.dan maxsus kimyoviy ishlov berilgan 1 500 dollar pul ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Ta'kidlanishicha, mazkur holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan voyaga yetmagan M.A.ga nisbatan jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Samarqand viloyati Past Darg‘om tumanida yashovchi shaxsga tegishli SMS xabarlarni tarqatib yubormaslik uchun 14 million pul talab qilgan ayol ushlangan. Shuningdek, Birlashgan Amir Amirligi fuqarosidan uning qo‘l telefonidagi shaxsiy video va fotosuratlarini ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish bilan qo‘rqitib 20 ming dollar talab qilgan ayol qo‘lga olingan.

Mavzuga oid