Jamiyat | 15:08 / 29.04.2021
2907
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda uyida giyohvand moddalar saqlab kelayotgan shaxs qo‘lga olindi

Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahrida yashovchi shaxsning uyidan «Belomorkanal» sigareti, uni chekish uchun mundshtuk, shuningdek, sellofan paket va qog‘ozlarga o‘ralgan giyohvand modda topilgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, fuqarolardan birining murojaatiga asosan, 2021 yil 26 aprel kuni Kattaqo‘rg‘on shahar Oq oltin mahallasida yashovchi P.B. shahar IIBga olib kelinib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, cho‘ntagida 2 dona oq rangli qog‘oz bo‘laklariga solingan marixuana borligi aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.

Shundan so‘ng, tergov-tezkor guruhi tomonidan ushbu shaxsning yashash uyi ko‘zdan kechirilganda, yotoqxonasi va yerto‘lasidan jami 11 dona paketga va 13 dona qog‘oz bo‘laklariga solingan quritilgan holdagi marixuana borligi aniqlangan. Bundan tashqari, uning uyidan marixuana o‘simligi urug‘lari, «Belomorkanal» nomli sigaretlar, tamaki maxsulotini iste'mol qilish uchun mo‘ljallangan mundshtuk aniqlanib, xolislar ishtirokida tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.

Samarqand viloyati IIB ekspert-kriminalistika bo‘limining ma'lumotnomasida, hujjatlashtirib olingan giyohvandlik moddalarining sof og‘irligi 50,5 grammga tengligi ko‘rsatilgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Kattaqo‘rg‘on shahar IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 25, 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. P.B. jinoyat ishiga gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, himoya huquqi bilan ta'minlanib, Jinoyat protsessual kodeksining 227-moddasi tartibida ushlangan. Jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid