Rossiyalik taniqli videobloger Konstantin Tkachyov turli mamlakatlarga sayohat qilib, mahalliy muammolarni yoritadi. Uning obektivi O‘zbekistonni ham chetlab o‘tmadi. Vlogerning bir necha kun oldin e'lon qilgan vlogi ham O‘zbekiston haqida.
U Qarshi shahri tashqarisida chiqindi poligoni borligi va hech kim bu haqida gapirmasligi, mahalliy aholiga yetkazayotgan zarari haqida fikr bildirdi. Uni eng hayratga solgan jihat mahalliy aholining ushbu muammoga e'tiborsizligidir.
“Samarqand va Buxoro shahri o‘rtasida Qarshi shahri joylashgan. Shahar tashqarisida, ya'ni Samarqand-Qarshi aylanma avtotrassasi (A-378)da esa chiqindi poligoni. Oddiy chiqindi poligoni-da, deyishga shoshilmang. Kuchli shamol bo‘lganda, ushbu hududdan maishiy chiqindi, jumladan, sellofan paketlari butun cho‘l bo‘ylab uchib ketadi. Bu holat zamonaviy rassomning qo‘rqinchli kartinasini eslatadi.
Cho‘lning o‘rtasida, har tomonimda sellofan paketlarni ko‘rib, dahshatga tushdim. Mahalliy aholi bu joy haqida umuman bilmaydi. Bilganlar esa bu ma'lumotni aytishni xohlamaydi. Balki qo‘rqishar, balki bu oddiy chiqindi poligoni hech qanday ahamiyatga ega emas, deb ko‘nikishgandir.

Qarshi shahridan 5 km uzoqlikda haqiqiy urush boshlangan, tabiat zararlanyapti. U yerga borganimda, shunchaki muammoga ko‘z yumib ketish kerak, deb o‘ylamadim. Hududdagi barcha sellofan paketlarni yig‘ishtirishni maqsad qildim. Maydon naqadar kengligini ko‘rib, o‘z kuchimga ortiqcha ishonib yuborganimni angladim.
Ma'lumot uchun: sellofan paket qachondir bo‘lsayam, dunyo okeaniga yetib boradi, chunki shamol uni uchirib olib boradi. Tsellofan ultrabinafsha nurdan ta'sirlanadi, plastikka qaraganda tezroq parchalanadi va ichimlik suviga ham qo‘shiladi va yana o‘zimizga qaytib keladi. Shunday qilib, kun bo‘yi 4 ta katta sellofan qopga mayda sellofan paketlarni yig‘dim.

O‘zim tozalagan maydonni xaritadan ko‘rib, bir va undan ortiq kishi butun maydonni tozalashi uchun qancha vaqt ketishini hisobladim. 1 kishi 110 kunda, 10 kishi 11 kunda, 50 kishi 2 kunda tozalab bo‘lar ekan. Cho‘ldagi chiqindilarning umumiy hajmi 35 kub metr bo‘lib, Italiyadagi Piza minorasi hajmi (38 m3)ga deyarli yaqinlashib qolarkan. Ertalab kelib qarasam, tozalagan joyim yana avvalgi holatiga qaytibdi, chunki shamol chiqindi poligonidan yana boshqa sellofanlarni uchirgan. Bir kishi hammasini qilishi imkonsiz, albatta. Shu holatdan keyin tanishlarim bilan bog‘landim: ba'zilari yordam beramiz, degan bo‘lsa, ayrimlari nima ishing bor, sen o‘zbekistonlikmassan, deyishdi. Xullas, hech kimni yig‘olmadim.

















