O‘zbekiston | 09:44 / 03.05.2021
3320
2 daqiqa o‘qiladi

Uychida ko‘p qavatli uylarga quyosh panellari orqali elektr energiyasi yetkazib berilmoqda

Namangan viloyati Uychi tumanidagi to‘rt qavatli yangi uylarga jami 192 ta quyosh panellari o‘rnatilgan.

Ushbu loyiha “Sun-Hightech” mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan BMTning PROON/GEF loyihasi yordamida O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi bilan birgalikda “O‘zbekiston Respublikasi qishloq joylarida energiya tejamkor uy-joy qurilishini rivojlantirishga ko‘maklashish” dasturi doirasida amalga oshirildi.

Mazkur quyosh elektr stansiyalari xonadonlardagi maishiy texnikalar, jumladan, yoritish chiroqlari, televizor, muzlatgich, kompyuter kabi elektr jihozlarini markaziy elektr ta'minotidan alohida, mustaqil (avtonom) ravishda ta'minlash imkonini beradi.

Ushbu quyosh elektr stansiyalariga uzluksiz ravishda texnik xizmat ko‘rsatish maqsadida mazkur ko‘p qavatli uylarda yashovchi yosh mutaxassis doimiy ravishda ishga qabul qilingan.

BMT tomonidan amalga oshirilayotgan mazkur grant loyihaning umumiy qiymati 1 milliard 320 million so‘mni tashkil etib, loyiha doirasida O‘zbekistonning 5 ta hududi qamrab olinadi. Jumladan, Namangan viloyatidan tashqari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida ham quyosh panellari o‘rnatilgan.

Mavzuga oid