Vazirlar Mahkamasi “Mahsulotlar (tovar va xizmatlar) yagona elektron milliy katalogini joriy etish, tadbirkorlik sub'yektlari o‘rtasida tuzilgan shartnomalarni elektron ro‘yxatdan o‘tkazish va tovar-moddiy boyliklarni olish uchun ishonchnomalarni elektron rasmiylashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi.
Hujjat prezidentning "Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va soliq organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida" 2020 yil 30 oktyabrdagi farmoniga muvofiq qabul qilingan.
Qaror bilan Davlat soliq qo‘mitasining birlamchi buxgalteriya hujjatlarida mahsulotlar (tovar va xizmatlar) unifikatsiyalashgan nomlaridan foydalanish, shu jumladan, tovarlar shtrix kodlarini mahsulotlarning unifikatsiyalashgan nomlariga bosqichma-bosqich avtomatik ravishda bog‘lash to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.
Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:
- mahsulotlar (tovar va xizmatlar) yagona elektron milliy katalogi;
- tadbirkorlik sub'yektlari o‘rtasida tuzilgan shartnomalarni elektron ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
- tovar-moddiy boyliklarni olish uchun ishonchnomalarni elektron rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
Qaror bilan 2021 yil 1 iyundan boshlab, tajriba tariqasida quyidagi tartiblarni joriy etish nazarda tutilmoqda:
- yagona elektron shartnomalar axborot portalida tadbirkorlik sub'yektlari o‘rtasida tuzilgan shartnomalarni ixtiyoriy ravishda elektron ro‘yxatdan o‘tkazish;
- shartnomalar portalida ro‘yxatdan o‘tgan shartnomalar asosida mahsulotlar (tovar va xizmatlar) nomlari va identifikatsiyalash kodlarini hisobvaraq-fakturalarda avtomatlashtirilgan tarzda aks ettirish;
- tovar-moddiy boyliklarni olish uchun ishonchnomalarni elektron hujjat aylanish tizimi operatorlari axborot tizimi orqali shartnoma yoki onlayn oferta asosida rasmiylashtirish.
DSQga 2021 yil 1 sentyabrga qadar tajriba natijalari bo‘yicha tadbirkorlik sub'yektlari takliflarini inobatga olgan holda, ushbu tartiblarni takomillashtirish hamda identifikatsiyalash va shtrix kodlari hisobvaraq-fakturalarda qasddan noto‘g‘ri aks ettirilishi bo‘yicha javobgarlikni kuchaytirish yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirildi.
















