Yarim tunda telefonim jiringladi, kuni bilan og‘ir mehnat qilganimiz sabab uyqudan ko‘zimni ocha olmadim, sal narida turgan telefonga qo‘limni uzatishga holim yo‘q. Kuni bilan perforatorda beton devorni qulatgan edik, yonimdagi sheriklarim boshqa ishlar bilan band bo‘lganligi uchun asosan o‘zim ishlatdim katta perforatorni.

Ertalabdan kechgacha to‘xtamay perforatorda ishlash hamma joyingni vibratsiya qilgandek to‘kib tashlaydi.

Telefon yana yoqimli musiqa chala boshladi.

Ilojsiz oldim, avval soatga qaradim, endi tungi o‘n ikkidan o‘tibdi.

– Allo, kim bu? – dedim salom ham demasdan, yarim tunda bezovta qilayotganidan og‘ringanimni bildirish uchun.

– Allo, assalomu alaykum, Baxtiyor aka bu menman.

– Doniyor, senmisan? Nima gap, tinchmisizlar?

Bu bola o‘zimizning qishloqdan, bizlarga qo‘shni bo‘ladi. Moskvada qaysidir qurilish firmasida ishlar edi, har-har zamonda xabarlashib turardik.

– Aka, mazam bo‘lmayapti, bu joyda yota olmayapman. Yonlaringizga borsam bo‘ladimi?

– Xo‘p, bemalol uka, kelaver, manzilni bilasan. Ammo hozir kech bo‘lib ketdi, hademay metrolar ham yopiladi. Sen birorta taksi chaqir, pulini o‘zim beraman. Nima bo‘ldi o‘zi? Buncha shovqin atroflaring, nega mazang bo‘lmayapti, janjal bo‘ldimi?

– Aka, achib ketgan ovqat yeganmiz, juda ko‘pchilik. Qornim og‘riyapti, bir menmas qolganlar ham og‘rigan. Bir yoshi katta odam xonasida voy-voylab yotib, o‘lib qoldi.

– Iya, chatoq bo‘libdi-ku. Sen tezroq taksi chaqirib yonimizga kel. O‘zim dori kerak bo‘lsa topib beraman, – dedim-u, telefonni o‘chirdim.

Charchoq ustun kelib, ko‘zlarim yumilib ketayotgan edi. Bir oz yotdim. Shu bir oz deganim ham yigirma daqiqadan o‘tgan ekan. Kimdir boshimga urgandek uyqum ochilib ketdi, miyam tiniq ishlay boshladi.

"Ovqatdan zaharlandik dedimi, ko‘pchilik ekan, bir kishi vafot etdi, dedi. Nimaga tez yordam chaqirmagan, nimalar bo‘lyapti? Bir vatandoshing vafot etdi, desa, men bemalol uxlab yotishimni qara". Xayollarim chalkashib ketdi.

Joyimdan tez turdim-u, borib yuzimni yuvdim. Keyin duo qildim. "Inna lillahi va inna ilayhi roji'un!"

Doniyorga telefon qildim.

– Allo, kelyapsanmi? Nima gaplar to‘liqroq ayt-chi? Nega do‘xtirga bormadinglar, yoki tez yordam chaqirmadinglar? Bir kishi o‘lguncha atrofdagilar qarab o‘tirishdimi?