Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘anining Foreign Affairs jurnalida rasmiy afg‘on hukumatining pozitsiyasini ifoda etuvchi maqolasi e'lon qilindi. Maqolada u rasmiy hukumat va «Tolibon»ning birga ishlashi mumkinligiga oid muhim dalillar keltirib o‘tdi.

AQSh prezidenti Jo Baydenning qolgan 2500 nafar amerikalik harbiyni sentyabrgacha Afg‘onistondan olib chiqish to‘g‘risidagi qarori mamlakat va qo‘shni davlatlar uchun burilish nuqtasini anglatadi. Afg‘oniston hukumati ushbu qarorni hurmat qiladi va uni ham AQSh, ham afg‘onistonliklar, ham toliblar, ham mintaqa uchun xavf va imkoniyat sifatida baholaydi.

Afg‘oniston Islom Respublikasining amaldagi rahbari sifatida men uchun bu tinchlik yo‘lidagi sadoqatimni yana bir bor isbotlash va davom ettirish uchun katta bir imkoniyat. 2018 yil fevral oyida men «Tolibon»ga tinchlik shartnomasi taklif qildim. Buning ortidan o‘sha yilning iyun oyida uch kunlik sulh imzolandi. 2019 yilda Buyuk kengashda toliblar bilan muzokaralar o‘tkazish ko‘rib chiqildi va o‘sha paytdan beri mening hukumatim Afg‘oniston konstitutsiyasi qadriyatlariga mos keladigan siyosiy kelishuv zarurligi to‘g‘risida milliy konsensus yaratish ustida ish olib bormoqda. 

Biz toliblar bilan muzokaralarni davom ettirishga tayyormiz. Agar bu tinchlik ta'minlanishiga olib kelsa, men muddatidan oldin vakolatlarimni topshirishga tayyorman.

Afg‘oniston xalqi uchun AQShning chiqib ketishi Qo‘shma Shtatlar bilan uzoq muddatli sherikligimizning yana bir bosqichidir. Prezidentligimning birinchi yili AQSh va NATOning 130 ming harbiylari mamlakatimizdan chiqib ketdi, bu mamlakatda xavfsizlik sektoriga e'tiborni kuchaytirishimizni talab qildi. O‘shandan beri Afg‘oniston Milliy Mudofaa va Xavfsizlik kuchlari (ANDSF) respublikani himoya qilmoqda va shu davr oralig‘ida mamlakatda ikkita milliy saylov o‘tkazdik.

Bugun bizning hukumatimiz va xavfsizlik kuchlarimiz bundan yetti yil avvalgiga qaraganda ancha mustahkam poydevorga ega va biz Amerika qo‘shinlari chiqib ketganidan keyin ham o‘z xalqimizga xizmat qilishga va himoya qilishga to‘liq tayyormiz.

AQSh qo‘shinlarining chiqib ketishi afg‘on xalqi uchun haqiqiy suverenitetga erishish imkoniyatini anglatadi. So‘nggi 20 yil ichida 40 xil davlat Afg‘onistonga xavfsizlik kuchlarini joylashtirdi.

Endilikda «Tolibon» va boshqa terroristik guruhlarga harbiy yondashishga oid barcha qarorlar Afg‘oniston hukumati tomonidan qabul qilinadi, shuningdek, «Tolibon»ning urush uchun asosi – begona kuchga qarshi jihod – amal qilishdan to‘xtaydi.