Lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosiga özgartişlar kiritiş haqidagi qonun loyihasi muhokamasi muddati 2021 yilning 1 noyabriga qadar uzaytirildi.

Davlat tilini rivojlantiriş departamenti buni quyidagiça izohlamoqda:

«Lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosiga bosqiçma-bosqiç töliq ötişni ta'minlaş böyiça Respublika işçi guruhi lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosini har tomonlama puxta, keng jamoatçilik fikr-mulohazalari va takliflarini çuqur örgangan holda takomillaştiriş maqsadida, şuningdek, mutaxassislarning takliflarini inobatga olib, «Lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosini joriy etiş töğrisida»gi Özbekiston Respublikasi Qonuniga özgartişlar kiritiş haqida»gi qonun loyihasining umumxalq muhokamasini 2021 yil 1 noyabrga qadar davom ettirişga qaror qildi.

Uzaytirilgan muddat davomida mas'ullar tomonidan qonun loyihasining zarurati va ahamiyatiga bağişlangan ilmiy anjumanlar, ma'ruza va seminarlar ötkaziladi. Alifboga şakliy özgarişlar kiritilişi munosabati bilan talab etiladigan xarajatlar miqdori örganiladi. Şu bilan birga, ommaviy axborot vositalarida takomillaşayotgan alifboning turli (fonetik, grafik, texnik, imlo) xususiyatlariga doir turkum körsatuv va maqolalar taşkil etiladi.

Şuningdek, ilmiy anjumanlarda bildirilgan taklif va mulohazalar turli soha olim va ziyolilaridan iborat ekspertlar guruhi iştirokida ötkaziladigan konferensiyada körib çiqilib, yakuniy xulosaga kelinadi hamda loyiha bilan birgalikda hukumatga kiritiladi».

Ta'kidlanişiça, alifbo muhokamasi böyiça belgilangan dastlabki muddat davomida (16 martdan 31 martga qadar) loyihani 26 mingdan ziyod kişi körib, 1035 ta fikr qoldirgan. Takliflarning 56 foizi (547 tasi) lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosining isloh qilinişini, 32 foizi (302 tasi) esa amaldagi alifboda qolişni yoqlagan.

Alifbo takomillaşuvini yoqlaganlarning aksariyati özgarişlarni töliq qöllab-quvvatlagan. Şuningdek, köpçilik C («ts») harfini alifboga kiritiş va ng harfini alifbodan çiqarib, imlo qoidalari doirasida örganişni taklif etgan.

«Ijtimoiy tarmoqlarda alifbo islohotini qöllab-quvvatlaş bilan birga, islohotning moliyaviy yuki, örta avlodning savodsiz bölib qolişidan taşvişlanib bildirilgan fikrlar ham bor.