«Asosiy vazifa — saratonga chalingan va davolanishning turli bosqichlarida bo‘lgan bemorlarga manzilli va maqsadli yordam ko‘rsatish, ayniqsa, bolalar orasida saraton kasalliklarini erta aniqlash va o‘z vaqtida davolashga jamoatchilik e'tiborini jalb qilish. Bunga erishish uchun davlat idoralari, nodavlat tuzilmalar, tadbirkorlar va keng jamoatchilikning sa'y-harakatini birlashtirish muhimdir», deyiladi «Yuksalish» umummilliy harakati matbuot xizmati xabarida.
O‘zbekistonda onkologik kasalliklarga qarshi kurashish yo‘lida salmoqli ishlar olib borilayotgani qayd etilgan. Jumladan, prezidentning 2017 yil 4 apreldagi qarori bilan 2017-2021 yillarda O‘zbekistonda onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish dasturi tasdiqlangan, onkologik xizmatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilangan. Ko‘rilayotgan chora-tadbirlardan asosiy maqsad — onkologik kasalliklardan o‘lim holatini kamaytirish hisobiga aholi turmush sifatini yaxshilash va umr davomiyligini oshirish.
Bu kabi ezgu ishlarga «Ezgu amal» fondi ham hissa qo‘shib kelmoqda. Birgina 2020 yilda fond yordam so‘rab qilingan 10 mingdan ziyod murojaatni qabul qildi va ko‘rib chiqdi. 102 oila homiylardan moddiy yordam, 2100 oila to‘g‘ridan to‘g‘ri moddiy yordam, 3 mingdan ortiq oila COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq karantin davrida oziq-ovqat to‘plamlari va tibbiyot buyumlari ko‘rinishida yordam oldi. Bundan tashqari, 228 kishiga dori preparatlari, tibbiy xizmatlarga va aviachiptalarga to‘lov ko‘rinishida ko‘mak ko‘rsatildi. Kam ta'minlangan oilalarning 3 mingdan ziyod bolalari fond yordamida homiylardan sovg‘alar oldi. Umuman, o‘tgan yil davomida 28ta xayriya aksiyasi o‘tkazilib, 8 428 oila qo‘llab-quvvatlangan.
«Afsuski, onkologik va gemotologik (qon) kasalliklariga chalingan aholiga ko‘mak ko‘rsatish tizimini isloh qilish dasturining barcha bandlari amalga oshirilmagan, onkologik xizmat ko‘rsatishda bir qator muammolar hamon mavjud. Biz saratonni yengib o‘tgan insonlar haqida hikoya qilib, kasallikni o‘z vaqtida skrining qilish va erta tashxis qo‘yish zaruratini dolzarb muammo sifatida ko‘tarib chiqamiz. Bu yomon oqibatlarning oldini olishi va davolash samarasini berishi mumkin. Shu sababli, keng jamoatchilik foydalanishi uchun zamonaviy diagnostika uskunalariga va skrining qilishning yagona tizimini yaratishga ehtiyoj bor. Bundan tashqari, xayriya marafoni davomida kasallikni yengib chiqqan insonlar hikoyalari saraton bilan kurashayotgan oilalar uchun g‘alaba sari motivatsiya beradi, deb umid qilamiz», deydi «Ezgu amal» fondining vasiylik kengashi raisi Munira Xodjaxonova.
















