Bugun, 11 may kuni Toshkentdagi Wyndham mehmonxonasida «Zakotim» onlayn zakot hisoblash platformasining taqdimoti o‘tkazildi.
Dastur islom moliyasi mutaxassislari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi ulamolari hamda Toshkent islom instituti pedagoglari hamkorligida ishlab chiqilgan.



«Zakotim» yordamida moli nisobga yetgan musulmonlar o‘z moliyaviy ibodat va majburiyatlari bo‘lgan zakotni aniq va oson hisoblab chiqishlari mumkin bo‘ladi.
Ta'kidlanganidek, zakotning beqiyos umuminsoniy, ijtimoiy va iqtisodiy foydalari bor.


Ijtimoiy uyg‘unlik va adolat. Zakot – kambag‘allar va boylar o‘rtasidagi ko‘prikdir. Zamonaviy iqtisodiyotda boylik bir necha kishi qo‘lida to‘planadi, kambag‘allarning moddiy ahvoli esa yomonlashib boraveradi. Zakotning maqsadlaridan biri ana shunday ijtimoiy tengsizlikka yo‘l qo‘ymaslikdir.
Ijtimoiy himoya. Zakot – ijtimoiy himoya vositasidir. Bugun qo‘lida yetarlicha mablag‘i borlar muhtojlarga yordam beradi. Agar ertaga vaziyat o‘zgarib, o‘sha odamlarning o‘ziga moliyaviy yordam zarur bo‘lib qolsa, ular zarur bo‘lgan mablag‘larni boshqalardan olishi mumkin.
Mol-mulkka hirs qo‘yganlar uchun eng yaxshi ta'sir vositasi. Zakot pul mablag‘lari va to‘plangan mol-mulkdan olinadi, shu sababli, har yili zakot beradigan kishi mol-mulkini sarmoya sifatida biror bir tijorat/tadbirkorlik faoliyati orqali ko‘paytirishga harakat qiladi, ya'ni zakot to‘lovchi mol-mulki yildan yilga kamayib boravermasligi uchun uni ko‘paytirishga intiladi. Uning moli ko‘paygan sari u ko‘proq zakot to‘laydi, bu bilan bo‘ynidagi farzni bajaradi va jamiyatga foydasi tegadi. Bunda zakot so‘zining «o‘sish» degan lug‘aviy ma'nosi ko‘rinadi.













