Kun.uz sayti o‘z an’anasiga muvofiq 2021 yil 1 iyundan O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y beradigan ayrim o‘zgarishlarni eslatib o‘tadi.
2005 yildan avvalgi yillar uchun ish staji shaxsning mehnat daftarchasidagi yozuvlar asosida, qo‘shimcha tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmasdan hisoblanadi
Prezident farmoniga asosan pensiya va nafaqalarni tayinlashda fuqarolar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish maqsadida:
- pensiyalarni tayinlashda shaxsning ish haqi va mehnat staji to‘g‘risidagi ma’lumotlarning elektron bazasi yuritilmagan davr — 2005 yildan avvalgi yillar uchun ish staji shaxsning mehnat daftarchasidagi mavjud yozuvlar asosida tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmasdan hisoblanadi;
- uch yil va undan avval tayinlangan, qayta hisoblangan pensiya va nafaqalarni tekshirish hamda ular bo‘yicha aniqlangan ortiqcha to‘lovni undirish bekor qilinadi;
- ishlovchi fuqarolar tomonidan ishlamaydigan turmush o‘rtoqlari kelgusida pensiya ta’minotiga ega bo‘lishlari uchun o‘z daromadlaridan ixtiyoriy ravishda har oyda ijtimoiy soliq to‘lash huquqi beriladi;
- pensiya va nafaqalar fuqaroning xohishiga ko‘ra ro‘yxatga olingan doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha tayinlanadi va to‘lanadi;
- pensiya va nafaqalarni naqd pulsiz shaklda olish uchun arizalar fuqarolar tomonidan Pensiya jamg‘armasining tegishli bo‘limiga murojaat qilmagan holda, tijorat banklari filiallarida bank plastik kartalarini ochish jarayonida yoki bank mobil ilovalari orqali elektron shaklda rasmiylashtiriladi;
- fuqarolarning pensiyaga bo‘lgan huquqi yo‘qolganligini tegishli vazirlik va idoralar tomonidan taqdim etiladigan elektron ma’lumotlar asosida aniqlash orqali pensiyalarni naqd pulsiz shaklda oluvchi shaxslar tomonidan har olti oyda Pensiya jamg‘armasining bo‘limiga kelish hamda mas’ul xodimlar tomonidan joylarga chiqqan holda monitoring o‘tkazish majburiyati bekor qilinadi.
Toshkent shahrida tajriba tariqasida boshpanasiz, og‘ir turmush sharoitiga tushib qolgan fuqarolarga olti oy davomida ijara xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi
Prezident farmoniga binoan tajriba tariqasida Toshkent shahrida boshpanasiz, og‘ir turmush sharoitiga tushib qolgan hamda «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimida ro‘yxatga olingan fuqarolarga ijara xarajatlarining bir qismini qoplash uchun mahalliy budjet mablag‘laridan olti oy davomida oylik ijara to‘lovining 50 foizi miqdorida, biroq BHMning ikki yarim baravari (612,5 ming so‘m)dan oshmagan holda oylik pul kompensatsiyasini to‘lash tartibi joriy qilinadi.














