O‘zbekistonlik Eldor Shomurodov Italiya A Seriyasidagi ilk mavsumida yorqin o‘yin ko‘rsatdi. Ayniqsa mavsum oxirida hujumchi samaradorlik bo‘yicha Ronaldu, Lukaku va Immobile kabi toplarni ham ortda qoldirdi. Rossiyaning yetakchi sport nashri Spors.ru sayti ijodkori Aleksandr Bastrigin Shomurodovning Italiyadagi faoliyati va uni kelajakda nima kutayotgani haqida mulohazalarini bildirdi.

A Seriya oxirgi turida Shomurodov «Kalyari» darvozaboni bilan yakkama-yakka chiqib, texnikasidan foydalangan holda gol urdi. Bu gol o‘yinda yagona bo‘ldi va «Jyenoa»ga g‘alaba keltirdi. To‘g‘ri, bu g‘alaba jamoaning umumiy natijalariga ta'sir qilmadi va «Jyenoa» 42 ochko bilan 11-o‘rinda qoldi. Eldor oxirgi 6 ta o‘yinda 5 ta gol urdi. Butun mavsumda esa u 8 ta gol urishni epladi.

Shomurodov jamoasining mavsumdagi uchinchi to‘purariga aylandi: Skamakka 12 ta, Destro 11 ta gol urdi. Gol+pas bo‘yicha ham uchinchi bo‘ldi. Uning hisobida 8 ta gol + 2 ta assist bor. Destroda 11+1, Skamakkada esa 12+2.

Eldor 2020 yil 1 oktyabrda «Rostov»dan «Jyenoa»ga o‘tib, A Seriyada maydonga tushgan ikkinchi o‘zbekistonlikka aylandi. Ungacha Ilyos Zeytullayev «Rejina» safida ikki marta A Seriya uchrashuvida maydonga tushgan.

Shomurodovning Italiyadagi faoliyati omadsiz boshlandi desak, xato bo‘lmaydi. Boshlanishiga uch oy gol urmadi. To‘g‘rirog‘i, uchta o‘yinda gol ura olmadi, keyin yana uchta o‘yinni jarohat sabab o‘tkazib yubordi. Italiyalik agent Marko Trabukki futbolchining Italiyadagi faoliyati mantiqan tugaganini aytib, shunday degandi:

«Shomurodovni yaxshi narsalar kutmoqda deb ayta olmayman. U 90 daqiqa davomida oshib borsa, uch marta yaxshi to‘p uzatishini qabul qilishi mumkin, ko‘p emas. Bu esa u uchun yetarli bo‘lmaydi. Bu «Jyenoa» uchun katta xato va «Rostov» uchun zo‘r transfer bo‘ldi. Shomurodovga o‘zining zargarona uzatmaga ega Roman Yeryomenkosi bor hujumkor jamoa kerak. Hujumchining «Rostov»dagi oxirgi mavsumi omadsiz kechdi. Shomurodovga hurmatimni saqlagan holda bu omadsiz transfer bo‘lganini aytishim mumkin. Uni yaqinda yarim narxiga Rossiyaga sotib yuborishsa kerak», degandi agent.

Shomurodov Italiyada yaxshi boshlay olmaganda, «Rostov» muxlislari ham turli fan kanallarda Shomurodov yaxshi vaqtda sotilganini aytishgandi. Biroq voqealar rivoji bu muxlislarni ham, yuqoridagi agentni ham uyaltirib qo‘ydi. Shomurodov 30 noyabrdagi «Parma»ga qarshi o‘yinda tanqidlarga javob berishni boshladi. U juda qiyin vaziyatda turishiga qaramay, yaqin burchakni aniq nishonga oldi. Biroq bu gol jamoasiga foyda keltirmadi va «Jyenoa» yengildi – 1:2.