Dilsora Komil (Fozilova) – olima, shoira, fan nomzodi, Kanadaning British Columbia universiteti o‘qituvchisi. 16 yildan beri Kanadada istiqomat qilayotgan Dilsora Fozilova xorijdagi faoliyati, hayot tarzi, ta’lim sifati, ijtimoiy muammolar haqida so‘zlab berdi.

“O‘zbekistondan chiqib ketishimning siyosiy sabablari bor”

Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida usta duradgor oilasida tavallud topganman. Yetti farzandning oltinchisiman. Oilaliman, 3 farzandim bor. Ikki o‘g‘lim universitetni tugatish arafasida. Kenja qizim 7 yoshda, fransuz tili maktabida o‘qiydi.

Kanadaga kelgach, til o‘rgandim. Oldin kollejda, keyin universitetda o‘qidim. Alberta universitetida bakalavrni (sotsiologiya va siyosatshunoslik bo‘yicha mutaxassislik oldim) tugatgach, magistraturaga taklif qilishdi. Magistraturani ham Alberta universitetida siyosiy fanlar departamentining “Xalqaro qonun va diplomatiya” bo‘limida o‘qidim. Magistraturani tugatib, bir muddat kollejda IELTS va CELPIP imtihonlariga tayyorlash kurslarida dars berdim.

2016 yil British Columbia universitetida doktoranturada o‘qishni boshladim. 2018 yilda fan nomzodi bo‘ldim. Hozirgi kunda shu universitetda dars beraman. Ilmiy tadqiqotimning oxirgi bosqichidaman. Tadqiqotim O‘zbekistonda islomning qayta jonlanishi, dinning paradoksal boshqaruvi, sekulyar davlat va islom o‘rtasidagi munosabatlarni analiz qiladi. Tadqiqotim natijalarini O‘zbekistonda o‘zbek tilida nashr ettirish niyatim bor.

16 yildan beri Kanadada yashayman. O‘zbekistondan chiqib, Rossiyaga ketishimizning siyosiy sabablari bor: bu turmush o‘rtog‘im oilasi vakillarining 90-yillar boshidagi siyosiy o‘zgarishlar jarayonidagi faolligiga borib taqaladi.

Men shaxsan u paytlarda yosh kelinchak edim va farzandlarim dadasi Rossiyadan O‘zbekistonga qaytmagani uchun oilamni saqlab qolish maqsadida bolalarim bilan 2003 yil yozida Rossiyaga ketishga majbur bo‘lganman. Ayol, ona sifatida 2 va 4 yoshli go‘daklarim bilan musofirchilikda juda og‘ir yillarni boshimdan o‘tkazdim.

O‘sha zamon siyosati birmuncha radikal va dialektiv edi. Turmush o‘rtog‘im va akalari O‘zbekistonga qaytishimiz xavfli, deb uqtirardilar o‘shanda. Shuning uchun ham chet davlatga immigratsiya uchun hujjat topshirishga rozi bo‘lganman. Lekin buni taqdir taqozosi, deb qaragan vaqtlarim juda ko‘p bo‘lgan. Chunki biz bilan hujjat topshirgan, chet davlatga chiqib ketishni qattiq xohlaganlarning ko‘piga immigratsiya imkoniyati bo‘lmaganini eslayman.

“Davlat boyliklarining talon-toroj qilinayotgani minglab boshqa muammolarning asosiy sababidir”