O‘zbekiston | 07:59 / 03.06.2021
9056
2 daqiqa o‘qiladi

«Sijjak» oromgohini sotib olishga takliflarni qabul qilish muddati uzaytirildi

Foto: AsiaTerra

O‘zbekistonda savdoga chiqarilgan ayrim davlat aktivlari bo‘yicha takliflarni qabul qilish muddati uzaytirildi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar berdi.

Agentlik tomonidan 2021 yil 30 martda O‘zbekiston prezidentining “Davlat aktivlarini xususiylashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirish to‘g‘risida” 2021 yil 11 fevraldagi PF-6167-son farmoniga muvofiq xususiylashtirilishi belgilangan “Beldersoy oromgohi” va “Sijjak” dam olish maskanlari ommaviy savdolarga chiqarilgani to‘g‘risida e'lon qilingan edi.

“Savdo jarayonlarini yanada shaffof va raqobatbardosh o‘tkazish, savdolarda qatnashish uchun talabgorlarga qulay sharoitlar yaratish maqsadida, talabgorlardan takliflarni qabul qilish muddati 2021 yil 1 iyul kuni Toshkent vaqti bilan soat 18:00ga qadar uzaytirilganini ma'lum qilamiz”, deyiladi xabarda.

Avvalroq, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi prezident farmoniga muvofiq xususiylashtirilishi belgilangan 8 ta davlat obektini ommaviy savdoga chiqargandi.

3 ta davlat aktivi Toshkent viloyatida joylashgan bo‘lib, ular yil davomida ishlaydi va tayyor biznes shaklida investorlarga taklif etilmoqda. Ular:

  • «Beldersoy» dam olish maskani. Yer maydoni 46,1 gektar. Oromgoh 78 o‘ringa mo‘ljallangan mehmonxona va 16 ta kottejdan iborat;
  • «Qizil suv sport sog‘lomlashtirish» MChJ. Yer maydoni 5,9 gektar. 110 kishilik 8 ta kottej, konferens zal, mini futbol maydonchasi, suzish havzalari bor;
  • «Sijjak» dam olish maskani. Yer maydoni 5,4 gektar. Restoran, kinoteatr, qishki bog‘, bar, sauna, sport zallari, ochiq va yopiq suv inshootlari, kottejlarni o‘z ichiga oladi.

Ma'lumot uchun, Bo‘stonliqdagi «Sijjak» oromgohi birinchi prezidentning qizi Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan, 2017 yil fevralida sud ajrimi bilan musodara qilingan edi. Keyinchalik bu maskan Triatlon federatsiyasiga vaqtincha tekin foydalanishga berilgandi.

Mavzuga oid