
Isroil prezidentini «o‘zgarishlar hukumati» shakllantirilgani to‘g‘risida sobiq moliya vaziri, «Yyesh Atid» («Kelajak bor») partiyasi yetakchisi Yair Lapid xabardor qilgan, uning partiyasi Isroil parlamentida (knesset) 17 mandatga ega, bu «Likud»dan keyingi ikkinchi ko‘rsatkich.
Hukumatni «Yamina» partiyasi yetakchisi Naftali Bennet boshqaradi.
Kelishuvga binoan, Bennet 2023 yil sentyabrigacha bosh vazir bo‘ladi, shundan so‘ng uning o‘rnini parlamentning vakolat muddati tugaydigan 2025 yil noyabriga qadar Lapid egallaydi.
Lapid yangi hukumat barcha isroilliklar manfaati uchun xizmat qilishiga va'da berdi. «Yangi hukumat raqiblarini hurmat qiladi va Isroil jamiyatining barcha qismlarini birlashtirish uchun bor imkoniyatlarni ishga soladi», deya yozgan u tvitterdagi sahifasida.
Binyamin Netanyahuni almashtirish uchun tuzilgan koalitsiya tarkibidan turli siyosiy qarashlarga ega sakkiz partiya o‘rin olgan: so‘llar, o‘nglar, markazchilar, Bennet qiyofasidagi yahudiy millatchilari va g‘oyaviy jihatdan HAMASga yaqin bo‘lgan arablar partiyasi, shuningdek Avigdor Liberman va uning «ruscha» «Nash dom Izrail» partiyasi.
Ammo parlamentda kichik ustunlikka ega bo‘lgan mo‘rt koalitsiya hukumati vazifaga kirishishi uchun avval prezident tomonidan tasdiqlanishi, keyin knessetda ma'qullanishi kerak.
Yangi hukumat yaqin o‘n kun ichida faoliyat boshlay olmaydi. Parlament spikeri Yariv Levin yangi hukumatga ovoz berishni rejalashtirish zarurligi to‘g‘risida 7 iyundagina xabardor qilinadi. Shundan so‘ng, unga ovoz berishni rejalashtirish uchun bir hafta muhlat beriladi. Bu esa Netanyahuda deputatlar fikrini o‘zgartirish va yangi hukumatga qarshi ovoz berishga ko‘ndirish uchun 12 kun vaqt borligini anglatadi. Isroillik siyosatchilar hozirgi bosh vazir parlamentariylarni o‘ziga og‘dirish uchun barcha imkoniyatlarini ishga solishiga shubha qilishmayapti.
Yangi hukumatni shakllantirish Yair Lapidning vazifasi edi, u so‘nggi oylar mobaynida turli siyosiy kuchlar bilan muzokaralar o‘tkazib, ularni o‘z tomoniga og‘dirishga urindi.
Koalitsiyaga so‘nggi bo‘lib knessetda atigi 7 mandatga ega bo‘lgan «Yamina» partiyasi qo‘shildi. Uning rahbari Naftali Bennet o‘tgan hafta oxirida Netanyahuga qarshi koalitsiya tarkibiga kirishini e'lon qilgan, shundan keyin amaldagi bosh vazir uni va koalitsiyani keskin tanqid qilib, uni Isroil xavfsizligi uchun tahdid deb atagandi.











