Kun.uz muxbirining xabar berishicha, joriy yil 3 iyun kuni soat 23:00larda davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan 4R84 Yakkabog‘-Chiroqchi-Sho‘rbozor avtomobil yo‘lining Yakkabog‘ tumani «Istiqlol» va «Chinobod» mahalla fuqarolar yig‘inlari oralig‘idan o‘tgan qismida ayanchli yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergan.

Mazkur yo‘l-transport hodisasi «Cobalt», «Nexia 3» va traktor ishtirokida ro‘y bergan. Guvohlarning ma'lumot berishicha, traktorda tungi yoritish moslamalari mavjud bo‘lmagan. Shuningdek, ko‘chaning yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan qismida ham yoritish chiroqlari bo‘lmagan.

Mazkur yo‘l-transport hodisasi oqibatida traktor ikkiga bo‘linib ketgan. «Cobalt», «Nexia 3» ham jiddiy shikastlangan. Ayni vaqtda o‘zaro to‘qnashgan transport vositalarida necha kishi bo‘lgan, ularning taqdiri qanday bo‘lgan, rasmiy ma'lumot berilmadi.