O‘zi nima bo‘ldi?
11 iyun kuni boshlanadigan Yevro-2020 turnirida ishtirok etuvchi Ukraina milliy jamoasi yangi liboslarini taqdim etdi.

Futbolkada Ukraina xaritasi tasvirlangan bo‘lib, unda 2014 yil Rossiya tarkibiga qo‘shib olingan Qrim yarimoroli xaritasi ham aks etgan.

Bundan tashqari, libos yoqasida ukrain millatchilari va o‘nglarni ifodalovchi «Slava Ukraine» va «Geroyam slava» shiorlari tushirilgan.

«Ukraina terma jamoasi Yevro-2020da yangi, maxsus formada ishtirok etadi. Har bir ukrain uchun qadrli bo‘lgan talisman va ramz uning asosiy atributidir. Bu mamlakatimizdagi barcha uchun eng qimmatli qiyofadir. Qrim, Donetsk, Lugansk, Kiyev, qadrdon Dnepr, Lvov, Odessa va bolalikdan eng asosiy kuy milliy madhiya bo‘lgan barcha shaharlar hamda qishloqlar bilan bo‘linmas va yagona vatan. «Ukrainaga shon-sharaflar!» va unga javoban qaytariladigan «Qahramonlarga shon-sharaflar!» shiorlari endi formada ham bo‘ladi va futbolchilarimizni yangi g‘alabalarga ilhomlantiradi.

Ishonamizki, Ukraina silueti futbolchilarga kuch beradi, axir ular butun Ukraina uchun kurashadi. Butun Ukraina, Sevastopol va Simferopoldan Kiyevgacha, Donetsk va Luganskdan Ujgorodgacha — ularni har bir o‘yinda qo‘llab-quvvatlaydi. Bu Yevro-2020da yaxshiroq o‘ynash ishtiyoqida yonayotgan futbolchilar uchun ham, Andrey Shevchenkoning jamoasiga ishonch bildirayotgan millionlab muxlislarimiz uchun ham juda muhim. Futbol va milliy terma jamoa Ukrainani birlashtiradi. Ukrainaga shon-sharaflar bo‘lsin», — deya ushbu komplektni izohlagan Ukraina futbol assotsiatsiyasi rahbari Andrey Pavelko Facebook’dagi sahifasi orqali.

Rossiyadagilar bu haqda nima deyishmoqda?
«Ukrainani asta-sekinlik bilan unutishmoqda, dunyoda boshqa muammolar yetarli. Hozirda kun tartibida Amerika va Rossiya prezidentlarining tarixiy uchrashuvi. Ukraina o‘zi haqida eslatib qo‘yish uchun qanday bo‘lmasin sabab qidirmoqda. Rossiyalik jurnalistlar ham hozir pashshadan fil yasamoqda, bunga esa butun dunyo e'tibor qaratmoqda. Kim formaga qaradi? Men ularning formasida nima tavsirlanganini tushunmadim ham. Biz bunga e'tibor qilishimiz kerak emas. Yaxshisi Yevropa chempionati arafasida terma jamoamizni muhokama qilaylik. Jurnalistlar tinchlanishi kerak, barcha muammo sizda», — degan Davlat dumasi deputati Igor Lebedev.