Farg‘ona shahri ko‘chalarida serqatnov yo‘l chetida uch g‘ildirakli aravasini qo‘lda boshqarib ketayotgan insonga ko‘zingiz tushadi. Ko‘chada odamlar orasidan yaqqol ajralib turgan bu inson «Juydam» MFYda istiqomat qiluvchi Qahramon Ahmedov.

Uy darvozasini qoqqanimizda 10 yashar bolakay dadasi bozorga ketganini aytdi. Qahramon aka ko‘p kuttirmay aravasini yeldek uchirib kelib somsaxonada to‘xtadi...

Qahramon Ahmedov I guruh nogironi, ayoli Hafizaxon esa II guruh nogironi ekan. Oilada 2 o‘g‘il voyaga yetyapti. Katta o‘g‘il Ozodbek 8-chi, kichigi Abduqodir esa 4-sinfda tahsil oladi. Qahramonimiz o‘z hayoti, oilasi haqida gapirib berdi.

«1977 yilda tug‘ilganman. Har kuni sahar turib uydagi mol, tovuq va o‘rdaklarga yemish beraman. Kunlik dastlabki yumushim shundan boshlanadi.

Hovlidagi qoramolni xayriya qilishgan, baraka topishsin. Hammalariga ming rahmat. Bayramlarda va undan tashqari deyarli har kuni mahalla ahli, yaxshi insonlar oilamizga yordam berishadi.

Tug‘ma nogironman. Taqdirimdan esa aslo nolimayman. Agar uyda yolg‘iz qolsam paypaslanib bo‘lsa ham mustaqil o‘zim choy damlab icha olaman. Agar uyda ayolim bo‘lsa o‘zi choy damlab beradi».

Qahramonimizning uyida usta ishlayotgan ekan. U har kuni saharda, soat 5da turib bozorga boradi. Ustalarga ham aravachasida bozorlik qilib keltiradi.

«Uyga hammom quryapman. Qurilish mollarini ham ehson qilishyapti, baraka topishsin. Ustalar ham beminnat xizmat qilishyapti.

Katta yo‘llarda aravacha haydab yuraman. Salomat bo‘lishsin, haydovchilar meni ko‘rib yo‘l berib o‘tkazib yuborishadi. Ularni doim duo qilaman», — deydi u.