Chorshanba kuniga belgilangan Jyenevadagi AQSh prezidenti Jo Bayden va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasidagi uchrashuv do‘stona ruhda kechmasligi taxmin qilinmoqda.

Yaqinda Rossiya AQShni «do‘st bo‘lmagan mamlakatlar» maqomida ko‘rishini ma'lum qilgandi. Ikki tomon ham o‘zaro munosabatlar minimal darajaga tushib qolganini tan olmoqda va hozirda ikki mamlakat poytaxtida ularning elchilari mavjud emas.

AQSh Qrimning qo‘shib olinishidan tortib Amerika saylovlariga aralashishgacha bo‘lgan sabab bilan Rossiyaning ayrim yuqori lavozimli amaldorlariga qarshi sanksiyalar qo‘llamoqda. Qolaversa, AQShning ikki dengiz piyodasi Rossiyada josuslikda ayblanib, hanuz 16 yillik qamoq jazosini o‘tamoqda.

Ustiga ustak, mart oyida Jo Bayden amerikalik jurnalistlardan biriga bergan intervyusida Putinni «qotil» deb atagandi.

Shunday bo‘lsa-da, ular ikki yetakchi prezident sifatida bu hafta birinchi marta uchrashishmoqda. Rossiyada buni ayrimlar muvaffaqiyat sifatida baholamoqda.

Ramziy ahamiyatga ega

«Sammit ramziy ma'noda ahamiyatga ega. U Rossiyani AQSh bilan bir xil darajaga olib chiqadi va bu Putin uchun ahamiyatsiz emas», deydi Moskvaning RIAC tahlil markazi rahbari Andrey Kortunov.

Vaqt nuqtayi nazaridan esa ushbu uchrashuv Bayden ish boshlaganidan keyin uning ilk xorijiy safari paytida bo‘lib o‘tayotgani va bu ikki tomonlama uchrashuv ekani bilan ham muhimdir.

NATO sammitidagi tig‘iz kun tartibiga qaramay, Yevropa safarining so‘nggi bekatida Baydenning chorshanba kuni Putin bilan uchrashishi dunyo afkor ommasining alohida e'tiborini tortmoqda.

«Putinning maqsadi AQSh prezidenti bilan mutlaq teng pozitsiyada bo‘lishdir. U o‘zi belgilagan zaminda hurmat ko‘rishni va kuch namoyish etishni istaydi», deydi rossiyalik siyosiy sharhlovchi Liliya Shevsova.

Sammit Jyenevadagi Villa La Granjda bo‘lib o‘tadi.

Uchrashuv joyi sifatida Jyenevaning tanlanishi sovuq urush davri sharoitida, 1985 yil o‘sha paytdagi AQSh prezidenti Ronald Reygan va sovet ittifoqi rahbari Mixail Gorbachyov o‘rtasidagi uchrashuvni yodga solmoqda.

Ammo bu haftadagi uchrashuvning o‘sha tarixiy uchrashuvga o‘xshash shaxsiy munosabatlar o‘rnatilishi yoki siyosiy yumshatishga olib kelish ehtimoli juda kam.