Putinning intervyusi dastlab NBC News saytida ingliz tilida e'lon qilingandi, keyinroq suhbatning to‘liq stenogrammasi Rossiya prezidenti saytida joylashtirildi.

NBC jurnalisti Kir Simmons Putindan Rossiyada muxolifatchilar ta'qib qilinishi haqida so‘rar ekan, Aleksey Navalniyning fondi ekstremistik tashkilot sifatida qayd etilganini eslab, to‘g‘ridan to‘g‘ri shunday savol qo‘ygan: «Siz Navalniy qamoqdan tirik va sog‘ chiqishiga kafolat berishga tayyormisiz?

«Quloq soling, bizda bunday qarorni prezident qabul qilmaydi, qamoqdan ozod etish yoki ozod etmaslik to‘g‘risidagi qarorlarni sud qabul qiladi. Sog‘ligiga kelsak, qamoqxonalardagi barcha odamlarning sog‘ligiga tegishli ma'muriyatlar javob beradi. Siz aytayotgan odamga ham shunday metodlar qo‘llanadi, aniq aytishim mumkinki, hech kimga boshqalarga nisbatan yomonroq munosabatda bo‘linmaydi», degan Putin.

Shundan keyin Simmons aniqlik kiritgan: «Uning ismi Aleksey Navalniy. Siz u qamoqdan chiqadi deb aytishga tayyor emasmisiz?»

«Meni diqqat bilan eshiting. Uni istagancha atashingiz mumkin, u ozodlikdan mahrum etish muassasasidagi odamlardan biri. Men uchun u Rossiya sudi tomonidan sudlangan va qamoqqa tushgan Rossiya Federatsiyasi fuqarosi, bundaylar ko‘p», degan bunga javoban u.

«Shuning uchun boshqalarga qaraganda yomonroq emas. Biz hech kimga hech qanday eksklyuziv qilmasligimiz lozim, bu to‘g‘ri bo‘lmaydi, barcha bir xil sharoitda bo‘lishi kerak, bu «mumkin qadar qulaylik berish» prinsipi deb ataladi. Va bu siz aytayotgan odamga ham taalluqli» - degan prezident.

Simmons Putindan Navalniyning o‘ldirilishini tashkillashtirish bo‘yicha ko‘rsatma bergan-bermaganini so‘ragan. «Albatta, yo‘q. Bizda kimnidir o‘ldirish odati yo‘q», deya raqibini yo‘q qilishga buyruq berganini rad etgan Putin.

Jurnalist «Rossiyadagi o‘zgacha fikrlovchilar taqiq ostida» ekani haqida gapirgan, Putin buni ham tan olmagan: «Buni siz Rossiyadagi o‘zgacha fikrlilik va Rossiyadagi noroziliklarga toqatsizlik sifatida tasvirlayapsiz. Biz esa bunga butunlay boshqacha qaraymiz».

NBC Putinning intervyusi bir yarim soat davom etganini ma'lum qilgan.

«AQShga qarshi kiberurush»
Simmons Putindan Amerika obektlariga qilingan hakerlik hujumlari, AQSh hukumati bunda Rossiya maxsus xizmatlaridan gumon qilayotgani, shuningdek, rasmiy Moskvaning Amerika prezidentlik saylovlariga aralashuvi borasida so‘ragan. «Janob prezident, siz Amerikaga qarshi kiberurush olib borasizmi?» deya Putinga savol qo‘yadi jurnalist.