Xorijga chiqayotgan va kirayotgan aksar fuqarolarni zargarlik buyumlariga doir bir necha savol qiynaydi: Qancha miqdordagi qimmatbaho metall va toshlardan zargarlik buyumlarini olib kirish va olib chiqish mumkin? Bunda belgilangan me'yor qancha va hakozo.
Davlat bojxona qo‘mitasi Bojxona nazoratini tashkil etish boshqarmasi katta inspektori Mehroj Vahobov shu kabi savollarga oydinlik kiritadi.
O‘zbekistonga qancha vazndagi zargarlik buyumini o‘z ehtiyoji uchun bojsiz olib kirsa bo‘ladi?
Qimmatbaho toshlardan va metallardan yasalgan zargarlik buyumlarini chegara bojxona postlari orqali O‘zbekistonga olib kirish va undan olib chiqish bevosita amaldagi qarorlar bilan belgilab berilgan me'yorlar asosida tartibga solinadi.
Xususan, jismoniy shaxslar respublika hududiga o‘z ehtiyojlari uchun 65 grammgacha bo‘lgan zargarlik buyumlarini olib kirishlari mumkin. Bunda olib kirayotgan yo‘lovchi zargarlik buyumlarini og‘zaki deklaratsiyalash orqali yashil yo‘lakdan harakatlanishi mumkin.
65 grammdan ko‘p bo‘lgan zargarlik buyumlarini olib kirish esa, bevosita bojxona to‘lovlarini to‘lagan holda amalga oshiriladi. Bojxona to‘lovlari miqdori qonunchilikda qayd qilingan asosda belgilanadi. To‘lovlar miqdori olib kirilayotgan zargarlik buyumlari turi va vazniga ko‘ra o‘zgaradi.

65 grammdan oshgan zargarlik buyumlari uchun belgilangan tartibda boj to‘lanadi
Misol uchun, jismoniy shaxs tomonidan O‘zbekiston hududiga og‘irligi 100 gr bo‘lgan zargarlik buyumi olib kirilayotgan bo‘lsa, 100 grammning 65 grammiga imtiyoz qo‘llaniladi, ya'ni hech qanday bojxona to‘lovi undirilmaydi, qolgan 35 gramm zargarlik buyumi uchun me'yoriy hujjatlarda belgilangan tartibda bojxona to‘lovi undiriladi.
Bunda boj miqdori olib kirilayotgan zargarlik buyumining qanday qiymatdagi metalldan yasalgani, undagi tosh qiymati inobatga olingan holda belgilanadi. Tijorat maqsadlarida zargarlik buyumlarini olib kirish bevosita bojxona yuk deklaratsiyasini rasmiylashtirgan holda amalga oshiriladi.
















