Nargiza Jo‘rayeva va Abdulhay Jo‘rayevlar Xalq ta'limi vazirligi e'lon qilgan tanlovda  farzand tarbiyasiga oid tajribalarini bayon etib, mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritishdi. Ularning ikki nafar farzandi baravariga Prezident maktabiga o‘qishga kirgan. Ular farzand tarbiyasida nimalarga ko‘proq e'tibor qaratishadi? Bunda qandaydir sir bormi? Jo‘rayevlar oilasining muvaffaqiyatli tajribalari bilan yaqindan tanishish maqsadida ular bilan suhbat uyushtirdik. 

“Bola 2 yoshgacha o‘yinchoq o‘ynamaydi”

Ota-onam, qaynona-qaynotam o‘qituvchi bo‘lishgan. O‘zimiz ham o‘qituvchimiz. Asosiy bilimni oilada olganmiz. Bizga ota-onamiz tomonidan berilgan ta'lim-tarbiyani farzandlarimizga ham berib kelyapmiz. Ularning Prezident maktabiga kirishida ham bizga berilgan tarbiyaning samarasi juda katta. 

Aslida hech kim ota yoki ona bo‘lib tug‘ilmaydi. Ota-onalikni kasbday qabul qilish kerak. Kasbimiz ortidan maosh olamiz. Atrofdagi hamkasblarimiz bilan raqobatda bo‘lamiz. Ulardan ustunroq bo‘lish uchun ko‘proq o‘qiymiz, izlanamiz. Ota-onalik ham xuddi shunday. Ota-ona bo‘lishini bilgan, his qilgan odam o‘zini shunga tayyorlashi kerak. 

Men o‘zim nimadan boshlaganman: 2006 yilda birinchi farzandimni dunyoga keltirganimda internet unchalik rivojlanmagandi. Bola tarbiyasiga oid adabiyotlarga tayanardim. Tarbiyada turli usullar bor. Menga yoqqani Montessori usuli hisoblanadi. Bunda bolaning rivojlanishi uchun uydagi oddiy anjomlardan foydalanish mumkinligi aytiladi.

Nargiza Jo‘rayeva va Abdulhay Jo‘rayev

Bilamizki, bolaga qanchalik qimmat o‘yinchoq olib bersangiz ham, uni 1-2 kun o‘ynashi mumkin. Bola 2 yoshgacha o‘yinchoq o‘ynamaydi. Buni o‘z tajribamdan kelib chiqib, uch farzandning onasi sifatida aytyapman. Bola 2 yoshgacha uyda bo‘ladi. Sizning nima qilayotganingizni kuzatadi. Qimmat o‘yinchoqlarni olib kelgandan ko‘ra uydagi idish-tovoq, kiyim uchun mo‘ljallangan qisqichni olib kelib bersangiz, uni maza qilib o‘ynaydi. Chunki bola sizga taqlid qilishga moyil bo‘ladi va unga siz ishlatayotgan narsani ishlatish qiziq. 

 Kir yoyganingizni ko‘rgan bola bir marta bo‘lsayam qisqichni ushlab ko‘rishga harakat qiladi. Bolaning qo‘liga ip va qisqichni bering. U o‘zi qisqichni ishlatishga harakat qiladi. Mayli, u qo‘lini qisib olsin, bir-ikki marta urinadi. Bunda muhimi qo‘l harakati - motorika ishlaydi. Shu oddiy narsa orqali foydali bilim berayotgan bo‘lamiz.