Sport | 15:23 / 19.06.2021
19297
2 daqiqa o‘qiladi

Abdusalom Azizov: «Bu mag‘lubiyat sabablari bir kunda yuzaga kelmagan, bu chuqur o‘rganiladi» 

Bugun, 19 iyun kuni O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi majlislar zalida O‘FAning navbatdan tashqari kongressi o‘tkazilmoqda. Unda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti Abdusalom Azizov ishtirok etmoqda. O‘FA rahbari o‘zbek futbolidagi islohotlar va milliy jamoamizning mag‘lubiyati haqida fikr bildirib, bolalar futbolidan tortib barcha futbol tizimimiz qayta ko‘rib chiqilishini ma'lum qildi.

Foto: Tribuna.uz

«Hozirda O‘zbekistonda har taraflama islohotlar olib borilayotgan bir davrda, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida ham islohotlar o‘tkazilmoqda. Ko‘rayapsizlar, biz ham davlatimiz siyosatiga sodiq qolgan holda futbolimizda ham ochiqlik siyosatini olib boryapmiz, masalalarni ochiq muhokama qilish yo‘liga o‘tyapmiz. Shu jihatdan O‘FA ustavi FIFA va OFK talablariga ko‘ra qaytadan ishlab chiqildi, bugun ushbu ustavni muhokama qilamiz. Keyingi masala sentabr oyida o‘tadigan O‘FA saylovlari tartibini birgalikda ko‘rib chiqamiz.

Shu kunlarda milliy jamoamizning mag‘lubiyati muxlislarni juda ham ranjitdi. Ushbu mavzu yuzasidan O‘FAda bugungi yig‘ilishdan keyin murabbiylar hisobot berishadi va milliy jamoa faoliyatiga baho beramiz. Albatta, bu mag‘lubiyat sabablari bir kunda yuzaga kelmagan, bu chuqur o‘rganiladi. Bolalar futbolidan tortib barcha futbol tizimimizni qayta ko‘rib chiqishimiz lozimligini to‘liq tushunib yetdik va buni tan olishimiz kerak. Futbolda ishlayotgan barcha o‘z ishiga bo‘lgan yondashuvni o‘zgartirishi kerak. Orqaga yo‘l yo‘q. Futbolimizni yangi bosqichga olib chiqish uchun ham qanday choralar ko‘rishimiz kerakligini ham gaplashib olamiz», - deydi O‘FA prezidenti Abdusalom Abdumavlonovich.

Kongressning ikkinchi qismida O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov, O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov va O‘FA terma jamoalar boshlig‘i Aziz Haydarov hisobot berishdi.

Mavzuga oid