O‘zbekiston | 08:27 / 19.06.2021
3839
2 daqiqa o‘qiladi

Madaniy meros masalalari bo‘yicha xalqaro qo‘mita tashkil etildi

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasi “YuNeSKO bilan hamkorlikda madaniy meros masalalari bo‘yicha Xalqaro maslahat qo‘mitasini tashkil etish va uning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi.

Hujjat prezidentning "Madaniyat va san'at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta'sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" 2020 yil 26 maydagi PF-6000-son farmoniga muvofiq, shuningdek madaniy merosni muhofaza qilish, asrash, ommalashtirish va ulardan oqilona foydalanishda O‘zbekiston va YuNeSKO o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida ishlab chiqilgan.

Qo‘mitaning asosiy vazifalari:

  • O‘zbekistonning madaniy merosini Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
  • xalqaro tashkilotlar va YuNeSKO maslahatlashuv organlari (Yodgorlik va diqqatga sazovor joylar bo‘yicha xalqaro kengashi, Madaniy boyliklarni saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha xalqaro tadqiqot markazi) bilan madaniy boyliklarni saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish;
  • Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan moddiy madaniy meros obektlari va hududlar, arxeologik va arxitektura yodgorliklari muhofazasi ishida ishtirok etish;
  • madaniy boyliklarni ishonchli saqlash bo‘yicha takliflar tayyorlash.

Qo‘mitaga moddiy madaniy meros masalalari hamda Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlar bo‘yicha maslahat organi maqomi berildi. Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi Xalqaro maslahat qo‘mitasining ishchi organi hisoblanadi.

Qaror bilan qo‘mitaning tarkibi va tuzilmasi tasdiqlangan.

Hujjat Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasida e'lon qilingan va 15.06.2021 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid