O‘zbekiston | 11:00 / 24.06.2021
1809
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istondagi OTM Pokiston va Rossiya oliygohlari bilan hamkorlik shartnomasini imzoladi

Nukus DPI delegatsiyasi Rossiyaning Sochi davlat universiteti va Pokistonning Panjob universitetlarida bo‘lishdi. 

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti rektori Bayrambay Otemuratov Sochi davlat universitetiga tashrif buyurib, universitet rektori, professor Galina Romanova bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Sochi davlat universiteti bilan hamkorlikda ekologik, ziyorat, qishloq xo‘jaligi, mehmonxona faoliyati va turizm yo‘nalishlari bo‘yicha bakalavrlar tayyorlash istiqbollari haqida muzokaralar olib borilgan. NDPI matbuot xizmatiga ko‘ra, OTM bilan hamkorlik bo‘yicha shartnoma imzolangan.

Shuningdek, Nukus DPI va O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi siyosiy masalalar bo‘yicha kotibidan iborat delegatsiya Pokiston Islom Respublikasining Lahor shahrida joylashgan Panjob universitetida xizmat safari bilan bo‘lishgan.

Panjob universiteti vitse-kansleri Niyoz Ahmad Axtar bilan ikki OTM o‘rtasida talabalar, doktorantlar va professor-o‘qituvchilarni almashish, 6 oydan 1 yilgacha bo‘lgan bepul hamda barcha xarajatlari qoplanadigan o‘quv safarlarini tashkil etish bo‘yicha muzokaralar olib borilgan.

Ma'lumot uchun, bugungi kunda Nukus davlat pedagogika instituti 39 xorijiy oliy ta'lim muassasasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin NDPI va Rossiya davlat pedagogika universiteti o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolangandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid