Umuman, qanday buyumlar madaniy boyliklar deb baholanadi? Necha yillik buyumlar madaniy boyliklar sirasiga kiradi? Ularni O‘zbekiston chegarasi orqali olib o‘tish tartibi qanday?
«Bojxona qoidalari» ko‘rsatuvining navbatdagi sonida yuqoridagi savollarga javob beriladi.
Davlat bojxona qo‘mitasi Bojxona nazoratini tashkil etish boshqarmasi katta inspektori Mehroj Vahobov shu kabi masalalarga oydinlik kiritadi.
Madaniy boyliklarni olib chiqish tartibi
O‘zbekistonga madaniy boyliklarni olib kirish va mamlakatdan olib chiqish bevosita respublika a'zo bo‘lgan xalqaro konvensiyalar va imzolagan shartnomalar, shuningdek, O‘zbekiston hukumati tomonidan tasdiqlangan qarorlar va Nizom asosida tartibga solinadi.
Bunda, jismoniy shaxslar tomonidan madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi bevosita Madaniyat vazirligi va uning hududiy boshqarmalari ekspertiza guruhlari xulosasi asosida berilgan sertifikat, ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi.
Ruxsatnoma madaniy boylik olib chiqilishi yoki olib kirilishidan oldin berilgan bo‘lishi darkor.

Qanday buyumlar madaniy boyliklar hisoblanadi?
Ishlab chiqarilganiga 50 yil va undan ortiq bo‘lgan har qanday buyumlar, xususan, qimmatbaho qo‘lyozmalar, haykaltaroshlik namunalari, rasmlar, har qanday turdagi musiqa va cholg‘u asboblari, tarixiy tangalar madaniy boyliklar sirasiga kiradi.
50 yildan ortiq bo‘lgan ayrim turdagi madaniy boyliklarni O‘zbekiston hududidan tashqariga olib chiqish taqiqlanadi.
Shu bilan birga, madaniy boyliklar yuridik shaxslar tomonidan ham respublika hududidan Madaniyat vazirligi ruxsatnomasi asosida olib chiqilishi mumkin.
Madaniy boyliklarni muzeylar yoki ko‘rgazmalarga vaqtinchalik olib chiqishga ham xuddi shuningdek, Madaniyat vazirligi ruxsatnomasi bo‘lsagina, ruxsat beriladi.


















