Kun.uz Davlat bojxona qo‘mitasi bilan hamkorlikda tayyorlab kelayotgan “Bojxona qoidalari” ko‘rsatuvining navbatdagi sonini havola qiladi. Bu safar bojxona omborlarini tashkil etish tartibi haqida so‘z yuritiladi. Bojxona omborlari nima maqsadlarda tashkil etilishi, buning uchun qanday hujjatlar talab qilinishi va umuman ushbu mavzu haqida qo‘mita bo‘lim boshlig‘i Abbos Berdiyev savollarga javob beradi.

Bojxona omborini tashkil etishdan maqsad nima?

Ma'lumki, import qilinayotgan tovarlar respublikamizga kirib kelganidan so‘ng, ularga qonun hujjatlariga muvofiq tegishli sertifikatlar olinishi hamda bojxona to‘lovlarini to‘lashda ma'lum bir muddat ketadi. Mazkur tovarlar bojxona nazorati ostidagi tovarlar bo‘lganligi uchun maxsus ajratilgan, begona shaxslarning yaqinlashish imkoni bo‘lmagan, tasarruf etilishi cheklangan joylarda vaqtinchalik saqlanadi. Aynan ushbu turdagi tovarlarni saqlab berish uchun tadbirkorlar

tomonidan tegishli talab va shartlar asosida maxsus bojxona omborlari tashkil etiladi. Bunday faoliyat bilan shug‘ullanish uchun bojxona organlaridan litsenziya olinadi.

DBQ bo‘lim boshlig‘i Abbos Berdiyev

Bojxona omborlarining turlari haqida

Bojxona organlari tomonidan 3 turdagi ombor faoliyati uchun litsenziyalar berilmoqda.

1. Bojxona ombori - Nizom talablariga muvofiq bo‘lgan tovarlarni bojxona nazorati ostida saqlashga mo‘ljallangan hudud uchun amal qilishi cheklanmagan muddatga beriladigan litsenziya. Bojxona ombori ochiq yoki yopiq turda bo‘lishi mumkin:

  • ochiq turdagi bojxona ombori - har qanday shaxslar foydalanishi mumkin bo‘lgan bojxona ombori;
  • yopiq turdagi bojxona ombori - litsenziya olgan shaxsning tovarlarini saqlashga mo‘ljallangan bojxona ombori;

2. Erkin ombor - Nizom talablariga muvofiq bo‘lgan tovarlarni erkin ombor rejimida bojxona nazorati ostida saqlashga mo‘ljallangan hudud uchun amal qilishi cheklanmagan muddatga beriladigan litsenziya.

3. Boj olinmaydigan savdo do‘koni (duty free) - tovarlarni boj olinmaydigan savdo bojxona rejimi talablariga va shartlariga muvofiq bojxona nazorati ostida realizatsiya qilish uchun mo‘ljallangan savdo obekti uchun amal qilishi cheklanmagan muddatga beriladigan litsenziya.