Buxoroda aholiga tarqatiladigan gaz ballonlarni o‘zlashtirgan «Shofirkontumangaz» xodimiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Shofirkon tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, «Shofirkontumangaz» idorasining suyultirilgan gaz tarqatish bo‘limi xodimi Q.S. o‘zining moddiy javobgarligida bo‘lgan 105 dona umumiy qiymati 34,1 million so‘mlik maishiy gaz ballonlarni aholiga tarqatmasdan talon-toroj qilgani aniqlangan.
Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.











