Jamiyat | 13:22 / 15.07.2021
42407
3 daqiqa o‘qiladi

«5 yoshlisini yerga qo‘ydik, endi 7 yoshli nabiramni qidiryapmiz» - Kosonsoyda sel oqizgan murg‘aklar

13 iyul kuni Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida yomg‘ir va do‘l yog‘ishi ortidan kelgan kuchli sel tabiat qo‘yniga dam olishga chiqqan odamlarni oqizib ketdi.

FVV ma'lumotiga ko‘ra, shu kuni 8 kishining jasadi topilgan, yana 6 kishi tabiiy ofatdan jabrlangan. Jami 24 kishi jarohatlanib, kasalxonalarga murojaat qilgan.

Vafot etganlar orasida Rustamboy Rahmonovning yaqinlari ham bor. Ofat yetkazgan talafot yetmaganidek, Rustamboy akaning 7 yoshli nabirasi hanuzgacha topilmayapti.

FVV, IIB hamda Milliy gvardiya xodimlari hamda ko‘ngillilar bolakayni qidirishmoqda.

Rustamboy akaning dam olishga chiqqan qarindosh urug‘idan 8 kishi vafot etgan. 5 yoshli nabirasini tuproqqa qo‘yiboq, 7 yoshli nabirasini qidirishga qaytgan. Soy bo‘yiga suratga tushish uchun tushgan murg‘aklarning bu oxirgi marta yorug‘ dunyoni ko‘rib turganliklari xayollariga ham kelmagandir.

Sel oqimida qolib ketgan jabrlanuvchilarni qutqarishga shaylangan Muhammadjon Sayidmo‘ydinov tabiiy ofat qarshisida insonlar qay holga tushib qolganini so‘zlab berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, soyning o‘rtasida ayollar va qizlar ancha vaqt sovuq suvda qolib ketishgan. FVV xodimlari harakatlanishigacha qarab o‘tirmay, Muhammadjon soyga o‘zi tushib borgan. FVV xodimlari bilan birga jabrlanuvchilarni soydan olib chiqqan.

Shu hududda mirob bo‘lib ishlovchi Abdulfattoh Mirahmedov bu kabi sellar bir necha yilda bir kuzatilib turishi, mahalliy aholi yog‘ingarchilik paytida soyga yaqin kelmaslikni yaxshi bilishini ta'kidladi.

«85-86 yillarda ham kuchli do‘l yog‘gan. Katta sel kelgan. Kechagi holat esa boshqacha bo‘ldi. Ochiq havo edi. Mehmonga kelganlar sel kelishiga bee'tibor bo‘lib qolishgan bo‘lsa kerak», — deydi mirob.

Ha, tabiiy ofat qarshisida inson ojiz bo‘lib qoladi. Shuning uchun tabiat qo‘yniga chiqqanda ob-havo injiqliklariga bee'tibor bo‘lmasdan, xavfsizlik qoidalariga rioya qilish kerak bo‘ladi.

Ayni paytda mahalliy rasmiylar jabrlanganlarga ko‘maklarini ko‘rsatishmoqda. Kun.uz yaqinlarini yo‘qotganlarga ta'ziya izhor qiladi va sabr tilaydi.

Tohirjon Tursunov, Kun.uz muxbiri.
Operator va montaj ustasi: Boymirza Xalilov

Mavzuga oid