Foto: AFP

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Adhanom Gebreysus dunyo koronavirus pandemiyasining uchinchi to‘lqini boshlanish bosqichidaturganini ma'lum qildi.

«Dunyoda Covid-19 bilan kasallanishning so‘nggi o‘sishidan so‘ng Yevropa va Shimoliy Amerikaning o‘z fuqarolarini emlash bo‘yicha harakatlari natija bera boshlagandi, kasallanish va o‘lim holatlari ma'lum muddat pasaygan. Afsuski, hozir bu tendensiya o‘zgardi va biz Covid-19 pandemiyasi uchinchi to‘lqinining dastlabki bosqichida turibmiz», dedi u JSSTning favqulodda holatlar bo‘yicha qo‘mitasi yig‘ilishi ishtirokchilari qarshisida.

JSST rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bir oydan buyon dunyo bo‘ylab kasallanish soni o‘sishi kuzatilmoqda. Shuningdek, 10 haftalik pasayishdan so‘ng virus qurbonlari soni yana o‘sa boshladi.

Bunday o‘sishga asosiy turtki koronavirusning «Delta»(«hindcha») shtammi tarqalishi ekani aytildi.

«Ayni vaqtda «Delta» shtammi dunyoning kamida 111 mamlakatida tarqalgan, u tez orada Covid-19’ning butun dunyoda aylanib yuradigan ustuvor shtammiga aylanishi kutilmoqda», deydi Gebreyyesus.

Tashkilot rahbari vaksinalarning mamlakatlarga notekis taqsimlanishiga e'tibor qaratgan va buni «shokka tushiruvchi nomutanosiblik» deb atagan. Shu sababli dunyoning turli burchaklarida pandemiya ikki xil yo‘l bilan rivojlanayotgani, vaksinalarga ega bo‘lgan mamlakatlar cheklovlarni bekor qilayotgani, ammo emlanmagan guruhlar katta xavf ostidaligi, vaksina olish qiyin bo‘lgan mamlakatlarda esa aholining aksariyati infeksiyaga qarshi himoyasiz bo‘lib qolayotgani ta'kidlangan.

U Covax global mexanizmi doirasida 100 million dozadan ortiq vaksina yetkazib berilgani, ammo bu kamlik qilishini qo‘shimcha qilgan, sentyabrga qadar har bir mamlakat aholisining kamida 10 foizini, shu yil oxirigacha kamida 40 foizini va kelasi yilning o‘rtalariga qadar kamida 70 foizini ommaviy emlash uchun 11 milliard doza vaksina kerak bo‘lishini qo‘shimcha qilgan.

Avstraliyadagi lokdaunlar
Avstraliyaning Viktoriya shtati va uning markazi Melburnda payshanba kuni kechqurundan lokdaun boshlanmoqda, bu hisob bo‘yicha ushbu shtatda beshinchi marta qat'iy karantin joriy etilishi bo‘ladi. Chorshanba kuni Sidneyda ham cheklovlar yana ikki haftaga uzaytirilgandi.