Tokioda Olimpiya o‘yinlari ochilishi arafasida olimpiya qishlog‘ida test qilingan sportchilarning yana bir nafarida Covid-19 tasdiqlandi, ammo XOQ vakillari va Olimpiada tashkilotchilari vaziyat nazorat ostida ekani va infeksiya avj olishi ro‘y bermasligiga ishontirmoqda.

Bu vaqtda Angliyada koronavirus cheklovlari bekor qilinganini bayram qilishmoqda, holbuki mamlakatda yangi kasallanish holatlari soni yana orta boshlagan. Saudiya Arabistonida haj marosimlari davom etmoqda, unda faqat emlangan saudiyaliklar qatnashishiga ruxsat etilgan. BBC so‘nggi koronaxabarlarni taqdim etdi.

Tokioda barchasi tayyor

Tokiodagi Olimpiya o‘yinlari ochilishi arafasida olimpiya qishlog‘ida virus yuqtirib olgan to‘rtinchi sportchi aniqlandi, bu safar Chexiya plyaj voleybol jamoasi a'zosining koronavirusga topshirgan testi musbat natija bergan.

Yangi holatga qaramay (avvalroq janubiy afrikalik futbolchilar va ushbu mamlakat delegatsiyasining sport musobaqalarida ishtirok etmaydigan bir vakilida koronavirus tasdiqlangandi), turnir tashkilotchilari olimpiya qishlog‘ida epidemiologik vaziyat barqarorligicha qolayotganini aytishmoqda.

O‘z navbatida, Olimpiadaning rasmiy vakili Masa Takaya o‘yinlar o‘tkazilishiga bilvosita aloqador bo‘lgan odamlardan olingan minglab tahlillardan jami 61ta kasallanish holati tasdiqlanganini, bu esa umumiy holatda juda past ko‘rsatkich ekanini qayd etgan (Olimpiadada 20 ming atrofida sportchi qatnashadi).

Xalqaro olimpiya qo‘mitasiga tavsiyalar beruvchi mustaqil ekspertlar guruhi raisi ham xavfsizlik bo‘yicha tizim ish berishiga ishonch bildirmoqda.

«Kasallanganlar soni juda kam. Kutilganidan ancha pastligi aniq. Bundan tashqari, ko‘rilgan choralar infeksiya tarqalishi xavfini kamaytirishi kerak», deya qayd etgan Brayan Makkloski.

Barcha sportchilar har kuni tekshiruvdan o‘tadi, ularga ijtimoiy masofa saqlashga rioya etish va musobaqalarda ishtirok etayotgan, ovqatlanayotgan va uxlayotgan vaqtlaridan tashqari barcha holatlarda tibbiy niqobda bo‘lish ko‘rsatma qilingan.

So‘rovlarning ko‘rsatishicha, yaponiyaliklarning aksar qismi mamlakatda hozirgi sharoitlarda Olimpiada o‘tkazilishiga qarshi bo‘lishgan. Hatto o‘yinlar homiysi bo‘lgan Toyota kompaniyasi Olimpiya o‘yinlari bilan bog‘liq televizion reklamalarni namoyish etmaslikka qaror qilgan, kompaniya rahbariyati ochilish marosimida ishtirok etmaydi.