Ingliz tili o‘qituvchilari – Abdulhay Jo‘rayev va Nargiza Jo‘rayeva oilasi Toshkent shahrida yashaydi. Ularning ikki farzandi Prezident maktabida o‘qimoqda.

Nargiza Jo‘rayeva farzand tarbiyasiga oid tajribalari haqida Facebook'da e'lon qilgan maqolasi Xalq ta'limi vazirligi tanlovida 1-o‘ringa loyiq deb topildi. Onaning aytishicha, shundan so‘ng ularga farzand tarbiyasiga oid kitob yozish haqida 3 ming dollarlik taklif kelib tushgan.

Oila ayni paytda kitob yozishni boshlab yuborgan. Biz ulardan kitobga kiritayotgan ayrim fikrlarini so‘zlab berishlarini so‘radik.

“Farzand tarbiyasida ota-onaning fikri bir joydan chiqishi kerak”

Nargiza Jo‘rayeva:

— Otalar onalarni yoki onalar otalarni eshita olishsin, bir-birini kerakli paytda qo‘llab-quvvatlay olishsin, farzandga eshittirmasdan bola tarbiyasi haqida alohida maslahat qilib, bahs-munozara qilishsin. Bolada tarafkashlikni uyg‘otmaslik uchun ikkisi bir to‘xtamga kela olishi kerak. Chunki bola biror ishni qilayotganda agar bu ishni qilsam, dadam qarshi tursayam, onam tarafimni oladi, degan tushuncha bilan ulg‘ayadi yoki teskarisi bo‘lishi ham mumkin. Shu sababli ota-onaning fikri bir nuqtaga kelib, hamfikr bo‘la olishi kerak.

Ota-onaning hamfikrligi – juda katta yutuq. Ba'zida yaqin dugonalarimga farzand tarbiyasida ma'lum usulni qo‘llab ko‘rishni, foydali to‘garaklarga qo‘yishni tavsiya qilaman. Shunda: “Yo‘q, bunga turmush o‘rtog‘im ruxsat bermaydi”, degan javob olaman. Bo‘ldi, shu bilan oldinga yo‘l yo‘q.

Gap ruxsat berish yoki taqiqda emas, muhimi – ma'lum fikrni o‘zaro hamjihat bo‘lib bir-biriga uqtira olishda, deb o‘ylayman. Agar ona otaga bo‘ysunmasa yoki ota kerak paytda onani qo‘llab-quvvatlamasa, u yerda hech qanday tarbiya usuli foyda bermaydi.

Ota-onaning hamjihatligi dunyoqarashning yaqinroq bo‘lishidir, aslida. Hayotga munosabati yaqinroq bo‘lgan insonlar bitta fikrga kelishi osonroq bo‘ladi.

Buvi-buvalar bilan birga yashaydigan katta oilalarda odatda bola kim uning tarafini olsa, o‘shandan panoh izlaydi va aytganini qildirishga harakat qiladi. Shuning uchun ham bir uyda yashovchi buvi-buvalar, ota-ona farzand tarbiyasida yakdil fikrga kela olishlari kerak. Ana shunda tarbiyaning ildizi mustahkam bo‘ladi.