Sidney-2000 olimpiya o‘yinlari g‘olibi Muhammadqodir Abdullayev bilan suhbatimiz chempion boks sirlarini o‘rgangan Andijon shahridagi boks zalida bo‘lib o‘tdi. U Sidney olimpiadasida g‘olib chiqish yo‘lidagi mashaqqatlar haqida gapirib berish bilan birga Tokioga yo‘l olgan bokschilarimiz uchun dalda bo‘ladigan tavsiyalar bilan o‘rtoqlashdi.
– Olimpiada o‘yinlari haqida gapirganda odatda mahalliy iqlimga, vaqtga moslashish haqida gapirishadi. Bu qanchalik muhim va iqlimga moslashish qancha vaqt talab qiladi?
– Boshqa yurtga moslashib olishga bir hafta yoki o‘n kun yetadi. Aslida, sportchiga ob-havo ta'sir qilmasligi kerak. Ob-havodan yoki boshqa narsadan bahona topsa, sportchi bo‘lishning hojati yo‘q. Biz Avstraliyaga 10 kun oldin yetib borib, o‘sha yerda 3-4 kun mobaynida sparring janglar o‘tkazganmiz. Hozirgi sportchilarda oldingidan ko‘ra imkoniyatlar katta. Aytaylik, oldinlari biz chet elliklardan qo‘rqib ringga chiqqan bo‘lsak, butun dunyo endi bizdan qo‘rqib jangga tushyapti. O‘ylaymanki, shuning o‘zi katta g‘alaba.
– Hal qiluvchi janglar yoki chiqish oldidan sovuqqon bo‘lish muhimmi yoki maksimal motivatsiyaga ega bo‘lishmi?

– Hammaga har xil: kimgadir sovuqqon bo‘lish yoqadi, kimdir ringga chiqishdan oldin birovga gapirmaydi, o‘zi bilan o‘zi gaplashib, kimdir kulishib ringga chiqadi. Musobaqaga yoshligidan birga bo‘lgan o‘z murabbiyi bilan birga borsa, juda yaxshi bo‘ladi. Masalan, ustozim Mars Qo‘chqorov xatolarim, nima qilishimni, ringdan oldingi va jangga chiqishdagi holatimni yaxshi bilardi. Sharoitga qarab ba'zida do‘q qilishi mumkin. Asosan, siqilmasdan, chiroyli holatda tushuntirardi. Yutqazayotsam, zo‘r tushyapsan, ozgina harakat qilib qo‘y, deb dalda berardi. Hozirgi kunda federatsiya hamma bokschilarni o‘z murabbiyi bilan birga olib boryapti, bu ham yoshlarga katta motivatsiya bo‘ladi. Murabbiyning gapiga kirib, chizgan chizig‘idan chiqmasa, albatta, yaxshi natijaga erishadi.
– Olimpiada vaqtida ovqatlanish qanday bo‘ladi? O‘zbek sportchilari uchun ko‘p miqdorda qazi, har xil go‘shtlar olib ketishadi. O‘yinlar vaqtida yaxshi yeyish kerakmi?
– Go‘sht olib ketish og‘ir atletikachilarda bo‘lishi mumkin. Ular kuchli ovqat yeyishlari kerak. Bokschilar, kurashchilar esa vazn tashlashimiz kerak. Shu bois asosan yengil ovqat – suyuq taom, salat iste'mol qilinadi. Shtangachilar esa ko‘proq va kuchli ovqat yeyishadi. Kuchli ovqatni har yerda ham topa olmaysiz, shu uchun O‘zbekistondan olib boriladi va sanoqli sportchilarga majburiy qo‘shimcha qilib beriladi. Bizga o‘xshagan sportchilarga esa yengil taomlar yetarli. 20 kunlab vaznni ushlab turishimiz kerak. Shuning uchun bizga ortiqcha taom kerak emas.

















