Shavkat Mirziyoyev tomonidan 24 iyul kuni imzolangan «Davlat xizmatlari ko‘rsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmon bilan 2022 yil 1 yanvardan boshlab davlat organlari, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat tashkilotlari tomonidan aholidan, shu jumladan, tadbirkorlik sub'yektlaridan quyidagi ma'lumot va hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi:
a) quyidagi faktlarni tasdiqlovchi ma'lumotlarni:
– tadbirkorlik sub'yekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnoma ma'lumotlarini;
– litsenziya, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va xabarnomalar qabul qilingani to‘g‘risida tasdiqnoma mavjudligi bo‘yicha ma'lumotlarni;
– davlat boji, yig‘imlar va boshqa to‘lovlar to‘langani to‘g‘risida ma'lumotlarni;
– qimmatli qog‘ozlar, qimmatli qog‘ozlar bilan amalga oshirilgan operatsiyalar, dividendlar olingani to‘g‘risidagi ma'lumotlarni;
– kam ta'minlangan oila yoki oila a'zosi sifatida ro‘yxatga olingani to‘g‘risida ma'lumotlarni;
– jismoniy shaxslar tomonidan to‘langan va olingan alimentlar to‘g‘risida ma'lumotlarni;
– oliy ma'lumot to‘g‘risidagi diplom ma'lumotlarini;
– jismoniy shaxs o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasasini tugatgani haqida ma'lumotlarni;
– jismoniy shaxs umumiy o‘rta ta'lim (11-sinf negizida) muassasasini tugatgani haqida ma'lumotlarni;
– fuqaro «Yoshlar daftari» yoki «Ayollar daftari»da mavjudligi to‘g‘risida ma'lumotlarni;
– o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar to‘g‘risida ma'lumotlarni;
– oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun imtiyozga ega bo‘lgan abituriyentlarning imtiyoz huquqini tasdiqlovchi hujjat to‘g‘risida ma'lumotlarni;

b) quyidagi hujjatlarni:
– moliyaviy hisobotlar nusxalarini;
– jismoniy shaxslarning oxirgi 12 oydagi ish haqini tasdiqlovchi ma'lumotnomalarni;
– ijtimoiy nafaqa va pensiyalar to‘langani to‘g‘risidagi ma'lumotnomalarni.
Farmonda qayd etilishicha, davlat organlari va tashkilotlari jismoniy shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda, ishga qabul qilish jarayonida va boshqa ma'muriy tartib-taomillarni amalga oshirishda mazkur bandda nazarda tutilgan hujjat va ma'lumotlarni ushbu Farmonga 4-ilovada belgilangan mas'ul davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda «Elektron hukumat» tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali so‘rab oladi.











