Birinchi kundagi musobaqalarda ishtirok etgan 11 sportchining aksari turnir bilan erta xayrlashdi. Ayniqsa, dzyudochi Sharofiddin Lutfullayev, bokschi Sanjar Tursunov hamda tennischi Denis Istomin birinchi kundayoq turnirdagi ishtirokini to‘xtatishi kutilmagan holat bo‘ldi.
O‘q otish
Avvaliga Toshkent vaqti bilan tong sahar 04:30da 10 metrdan miltiqdan o‘q otish bo‘yicha Muxtasar Tohirova ishtirokini boshladi. Saralashda 622,2 ochko to‘plagan Muxtasar 50 sportchi ichida 33-o‘rinni oldi va saralashdan o‘ta olmadi. Kvalifikatsiyada eng yaxshi 8 o‘rinni qo‘lga kiritgan sportchilar finalga chiqishdi.
Tokio olimpiadasining ilk medali ham aynan shu sportda o‘z egasini topdi. Xitoylik Yang Kian oltin medalni qo‘lga kiritdi. O‘zbekistonlik Muxtasar Tohirovada olimpiada sovrindori bo‘lish uchun hali imkoniyat bor. U 31 iyul kuni 50 metrdan o‘q otish bo‘yicha musobaqalarda ishtirok etadi.
Qilichbozlik
Qilichbozlarimiz uchun ham bugungi kun muvaffaqiyatsiz kechdi. Shpaga yo‘nalishida 1/32 finalda ishtirok etgan O‘zbekiston milliy jamoasi vakili Malika Hakimova xitoylik Yiven Sunga 10:15 hisobida imkoniyatni boy berdi. Erkaklar o‘rtasida musobaqalarda qatnashgan Sherzod Mamutov sablya yo‘nalishida ruminiyalik Yulian Teodosiuga 11:15 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
Eshkak eshish. Imkoniyat saqlab qolindi
Akademik eshkak eshish bo‘yicha 2000 metrga o‘tkazilgan bahslarda o‘zbekistonlik sportchilar ham qatnashdi. Sobirjon Safaraliyev va Shahboz Xolmirzayev juftlik bahslarida 6 jamoa ichida marraga to‘rtinchi bo‘lib yetib bordi. Endilikda o‘zbekistonlik sportchilar keyingi bosqichga chiqish uchun o‘tish o‘yinlarida ishtirok etadi. Ya'ni ularda medallar uchun kurashish imkoniyati saqlanib qoldi.






















