UzbekLife muxbiri Kanadaning nufuzli Dalhauzi universitetining magistratura bosqichida tahsil olayotgan hamyurtimiz Muhammadjon Toshpo‘latov bilan intervyu tashkil qildi.

Suhbat davomida u Kanadadagi ta’lim, o‘ziga xos kutubxonalar va “tanish-bilishchilik” haqida so‘zlab berdi.

Tizim va muhit fanlarni chuqurroq o‘rganishimga sabab bo‘ldi

O‘rta ta’limni Namangan shahridagi 2-sonli maktab-internat hamda Namangan davlat universiteti qoshidagi 1-akademik litseyda olishimga ota-onam sababchi bo‘lishgan va bu eng to‘g‘ri qaror bo‘lganiga hozir ham amin bo‘lyapman.

Maktab va akademik litseydagi o‘qituvchilar, tizim va muhit fanlarni chuqurroq o‘rganishimga sabab bo‘ldi. Ayniqsa, akademik litseyda meni matematikadan olimpiadalarga tayyorlagan o‘qituvchim Zokirjon To‘lanov ushbu fanga boshqacha nazar bilan qarashga o‘rgatdi. Har bir formula yoki teoremani shunchaki ishlatish emas, balki birinchi isbotlash kerakligini shu ustozimdan o‘rgandim. Natijada matematikani darslik doirasidan tashqarida o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldim.

Xuddi bizga berilgan imkoniyatdek tuyuldi

Akademik litseydagi o‘qishni tamomlashim arafasida yangi oliy ta’lim muassasasi – Toshkent shahridagi Inha universiteti ochilishi haqida xabar topdim. Axborot texnologiyalari sohasida Janubiy Koreya bilan hamkorlikdagi yangi universitet aynan biz bitirayotgan yilda ochilishi xuddi bizga berilgan imkoniyatdek tuyuldi. Matematikaga kuchli qiziqqanim, ingliz tilini bilganim hamda axborot texnologiyalari davrida yashayotganimiz uchun shu universitetni tanlashga qaror qildim.

Toshkent shahridagi Inha universiteti O‘zbekistondagi boshqa ko‘plab universitetlardan ajralib turardi. Universitetda talabalarning yaxshi bilim olishi eng yuqori maqsad qilib qo‘yilgan edi. O‘qituvchilarning chet davlatlardan olib kelinishi va Janubiy Koreya tomonidan nazorat qilinib boriladigan yuqori sifatli ta’lim bunga misol bo‘la oladi. Ayniqsa, to‘rtinchi bosqichni o‘qish uchun barcha talabalarning Koreya Respublikasiga jo‘natilishi bizga o‘ziga xos yangilik, ya’ni  haqiqiy xalqaro muhitni xis qilish imkoniyatini berdi.