Prezident Shavkat Mirziyoyev 26 iyul kuni madaniyat, tibbiyot, savdo va xizmat ko‘rsatish inshootlari qurilishiga oid loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i hududida zamonaviy kutubxona barpo etilishi rejalashtirilgan. Uning dastlabki tarhi bir oy avval taqdimot qilingan, bugungi kunda davlat rahbarining tavsiyalari asosida takomillashtirilgan.
“Masalan, kutubxona binosining tashqi ko‘rinishi yurtimizdagi qadimiy obidalarga uyg‘un tarzda loyihalashtirilgan. Ulkan kitob fondini saqlash, mutolaa, madaniy hordiq chiqarish, turli tadbirlar o‘tkazish bilan bog‘liq barcha jihatlar inobatga olingan.
Taqdimotda kutubxona loyihasi batafsil ko‘rib chiqildi”, – deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.


Qayd etilishicha, davlat rahbariga onkologiya va gematologiya shifoxonalarini tashkil etish bo‘yicha qilinayotgan ishlar to‘g‘risida ham ma'lumot berildi.
Shu yil 27 may kuni “Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” prezident qarori qabul qilingan edi. Ushbu qarorga muvofiq, Respublika onkologiya va radiologiya tibbiyot markazi uchun yangi inshoot qurish belgilangan.
Shu maqsadda Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasi hududidan 5 gektardan ziyod yer ajratilgan. Xorijiy tibbiyot muassasalarining ilg‘or tajribasi, shifokor va bemorlar uchun barcha sharoitlar hisobga olinib, loyiha ishlab chiqilgan. Xususan, bu borada Koreya Respublikasining “Daedong Medical Consulting” kompaniyasi bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda. 50 dan ortiq konsalting korxonalarini o‘z ichiga olgan ushbu kompaniya Koreya va xorijiy mamlakatlarda 600 dan ortiq muassasalar qurilishida ishtirok etgan.

Prezident qarori asosida gematologiyani rivojlantirish borasida ham sifat o‘zgarishlari amalga oshirilmoqda. Xususan, Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi alohida markaz sifatida ajratilib, kelgusi yildan boshlab Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazidan mustaqil tarzda faoliyat yuritadi.

















